20:01 / 08.08.2016
11654

Qozog‘istonliklar e'lonlar sayti orqali neft va oltin bor bo‘lgan yerlarni sotishmoqda

Qozog‘istondagi e'lonlar saytida neft va oltin bor bo‘lgan yerlarning sotilishi haqida xabar paydo bo‘ldi. Unda neft bor bo‘lgan yer maydoni 3 mlrd tangaga, oltin bor bo‘lgan yer esa 760 mln tangaga sotilayotgani aytilgan.

"Qizilo‘rda viloyatida 0,6 mln tonnadan 2 mln tonnagacha nefti bo‘lgan 2000 gektar yerim bor. Yer menga tegishli ekanligini isbotlovchi hujjat va neft borligi haqida geologorazvedka kompaniyasining xulosasi bor. Agar jiddiy takliflar bo‘lsa sotaman. Savdolashish imkoni, variantlar bor", deyilmoqda shunday e'lonlardan birida. 

Yana bir e'lonni Jyezqazg‘anda oltin koniga ega yerning egasi bergan. Uning aytishicha, bu kon o‘zidan tayyor va ishga tushirilgan ishlab chiqarish majmuasini aks ettiradi.

Maydon egasi konda qazib olinadigan oltinning o‘rtacha miqdori bir tonna tuproqqa 6-8 gramm oltinni, 20-25 gramm kumushni tashkil qilishini aytgan.  

U, shuningdek, sotiladigan maydonga oltin qazish ishlarini olib borishga ruxsat beruvchi hujjatlar, jumladan yerdan 2020 yilgacha foydalanish bo‘yicha shartnoma, tog‘-kon ishlab chiqarish uskunalaridan foydalanishga litsenziya, portlatish ishlarini olib borishga ruxsatnoma, shuningdek, barcha tegishli ruxsat beruvchi, texnik va geologik hujjatlar ilova qilinishini ma'lum qilgan. 

Bundan tashqari, saytda marmar, shag‘al, g‘isht tuprog‘i, qurilish qumi va gips konlarining sotilishi haqidagi e'lonlar ham berilgan.

Top