21:16 / 09.08.2016
9128

Amerikalik poygachi avtohalokatdan keyin hayotdan ko‘z yumdi

Foto:motor.ru

Amerikalik poygachi Brayan Klouson midjyetlar (poyga avtomobillari turi) poygasidagi avtohalokat natijasida olgan jarohatlari tufayli hayotdan ko‘z yumdi. "Indianapolisning 500 mili" poygasida uch marta ishtirok etgan poygachi endigina 27 yoshda bo‘lgan. 

Avtohalokat 6 avgust kuni Belvilldagi (Kanzas shtati) Belleville High Banks oval trassasida sodir bo‘lgan. Klouson poygani to‘qqizinchi o‘rindan boshlab, keyin birinchi o‘ringa o‘tib olgan va uchinchi hamda to‘rtinchi burilishlar orasida halokatga yo‘liqqan. Mashina havoda bir necha marta ag‘darilib, yerga qulagan va shu payt unga boshqa ishtirokchi urilib ketgan. 

Klouson og‘ir ahvolda vertolyot orqali trekdan 200 kilometr naridagi Linkoln shahri (Nebraska shtati) shifoxonasiga yetkazilgan. 7 avgust kuni poygachi hayotdan ko‘z yumgan, bir kun o‘tib, uning oilasi Facebook tarmog‘i orqali mudhish xabarni yetkazgan. 

Brayan Klouson poygadagi faoliyatini 2005 yilda boshlagan. 2010, 2011 va 2015 yillarda u USAC National Midget chempionligini qo‘lga kiritgan. 2012, 2015 va 2016 yillarda poygachi "Indianapolisning 500 mili" poygasida ishtirok etgan. 

Top