15:47 / 09.08.2016
4500

“Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonun jamiyatni axborotlashtirishni kengaytirishga zamin yaratmoqda

2016 yil 10 iyundan kuchga kirgan “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonun jamiyatni axborotlashtirishni kengaytirish, xalqimiz hayot darajasi yanada yuksalishiga zamin yaratmoqda. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Davlat bojxona nazoratining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan tovarlar va transport vositalarining bojxona nazoratini amalga oshirmoqda. Ularga doir hujjatlar va ma'lumotlar kiritilishi, hisobga olinishi hamda monitoring qilinishi shu tizim orqali amalga oshirilmoqda. 

Bojxona ishi, qoida tariqasida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida amalga oshirilayotir. Yuridik yoki jismoniy shaxslar, shu jumladan, chet ellik shaxslar bojxona ishida boshqa davlat organlarining axborot tizimlari bilan o‘zaro hamkorlik qiluvchi bojxona organlarining axborot tizimlaridan foydalanishi mumkin. Bojxona ishida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish axborot xavfsizligi talablariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi. 

Bojxona organlarining mansabdor shaxslari manfaatdor shaxslarga bojxona ishi masalalari va bojxona organlarining vakolatlariga kiradigan boshqa masalalar yuzasidan maslahat berganda ham elektron usuldan foydalanish imkoniyatiga ega. Aniqroq aytganda, bojxona organlarining mansabdor shaxslari tomonidan maslahat berish bojxona organlari joylashgan yerda va ularning ish vaqtida amalga oshiriladi. Bojxona organlari tomonidan maslahat berish og‘zaki, elektron yoxud yozma shaklda bepul amalga oshiriladi.

Top