09:20 / 09.08.2016
35473

“Qishloq qurilish bank” yangi omonat turlarini joriy etdi

Mamlakatimiz  mustaqilligining 25 yilligi bayrami munosabati bilan aksiyadorlik tijorat “Qishloq qurilish bank” tomonidan yangi omonat turlari  joriy qilindi. 
Jumladan, bank mijozlarga milliy  valyutadagi muddatli “Mustaqil yurtim” omonatini taklif etmoqda. Mazkur omonat turiga mablag‘lar 3 oyga qabul qilinadi. Omonatga hisoblangan foizlar har oyda yoki omonat muddati tugagandan so‘ng to‘lab beriladi.

Shuningdek, xorijiy valyutadagi muddatli “Komfort” omonati taqdim etilmoqda. Omonatga mablag‘lar AQSh dollarida, 1 oy muddatga qabul qilinadi  va foizlar har oyda yoki omonat muddati tugagandan so‘ng to‘lab beriladi. 

Bugungi kunda ATB  “Qishloq qurilish bank”  tizimida 33 dan ortiq omonat turlariga mablag‘lar jalb qilinmoqda. Jumladan, joriy  yilning birinchi yarim yilligi davomida bank tomonidan “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha milliy valyutada muddatli “Yorqin kelajak”, “Sog‘lom avlod uchun”, shuningdek, milliy valyutada muddatli “Yuqori daromad”, “Omad”, milliy valyutada jamg‘armali “Imkoniyat”, xorijiy valyutada muddatli “Kapital plyus”  kabi  yangi  jozibador omonat turlari joriy qilindi.
Shu bilan bir qatorda bank tomonidan aholiga keng qulaylik yaratish maqsadida namunaviy uy-joylarni sotib olish uchun boshlang‘ich badalni yig‘ishda yordam beradigan qator omonat turlari ham joriy qilingan. Xususan, qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylar uchun dastlabki badallarni jamg‘arish maqsadida joriy qilingan “Qurilishga boshlang‘ich badal”  omonatiga hisoblangan foizlar omonatchi talabiga ko‘ra “Qishloq qurilish invest” kompaniyasi hisobraqamiga yoki omonatchining talab qilib olinguncha omonat hisobraqamiga ko‘chiriladi. 
“Madad”  omonat turi  ham namunaviy uy olgan fuqarolar uchun  joriy  qilingan. Omonatchi o‘z pul mablag‘larini shartnoma muddati tugagunga qadar shartnomada kelishilgan shartlar asosida omonat asosiy summasini naqd shaklda olishi, boshqa omonat turiga naqdsiz ravishda rasmiylashtirishi yoki uni boshqa bank muassasasiga o‘tkazishi mumkin. Uning yana bir afzalligi foizlar har oyda omonatchining  ipoteka  krediti  hamda foiz to‘lovlariga yo‘naltiriladi. 

Bankning malakali personali tomonidan ko‘rsatilayotgan sifatli xizmatlar mijozlar, xususan, omonatchilar sonining muttasil oshib borishini ta'minlamoqda. 2016 yil 1 avgust holatiga ATB “Qishloq qurilish bank”ning jami omonatchilari soni 75 ming nafardan oshdi va ularning bankdagi qo‘yilmalari (uy-joy mablag‘larisiz) 201,9 mlrd. so‘mni  tashkil  qildi.
Bank tomonidan chakana xizmatlar bozoridagi faoliyatni doimiy kengaytirib borish, mijozlarning bank faoliyatiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash choralari ko‘rib kelinmoqda. Hozirda bankning jamg‘arma kassalarida omonatchilar bilan amaliyotlar bajarilishida, omonatchi bilan bank o‘rtasida tuziladigan omonat shartnomalari, kirim va chiqim orderlari avtomatlashtirilgan tizim orqali chop etilishi, omonatchilarga omonat mablag‘lari to‘g‘risida ma'lumot olish imkoniyatini beradigan “sms-omonat” xizmati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu orqali omonatchilarning vaqtlari tejaladi va ularga qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi.  

Shuningdek, bank mintaqaviy filiallarida “Fuqarolarning banklardagi omonatlarini himoyalash kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni asosida fuqarolarning bankdagi omonatlarini himoyalashni yanada kuchaytirish maqsadida shaxsning barmoq izlari namunasidan  foydalanish “Biometrik identifikatsiyalash” tizimi joriy qilinmoqda. Mazkur texnologiyaning afzal jihati shundaki, omonat hisobvaraqlaridagi mablag‘lar bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni omonat egasi bo‘lgan mijozning bevosita ishtirokisiz  amalga oshirish  imkoni bo‘lmaydi va omonat mablag‘lariga nisbatan bank xodimlarining daxlsizligi ta'minlanadi.    

Alohida ta'kidlash joizki, qonun bilan kafolatlangan bankka qo‘yilgan omonatlarning sir tutilishi va meros huquqi bilan  himoyasi  ham bankning doimiy nazoratida. Omonat hisobvaraqlari, depozit sertifikatlari bo‘yicha olinadigan daromad va yutuqlar barcha turdagi soliqlardan ozod qilingan va ularning to‘liq hajmda qaytarilishi Fuqarolarning banklardagi omonatlarini  kafolatlash fondi tomonidan kafolatlangan. Depozitlar bo‘yicha operatsiyalar bank siri sifatida tasniflanib, unga qat'iy rioya  qilinishi  ustidan  tegishli nazorat o‘rnatilgan. Omonatlarga qo‘yilgan mablag‘lar va mablag‘lar belgilangan muddatlarda omonatchilarning birinchi talabi bilan qaytarib beriladi. 

2015 yil yakunlariga muvofiq aholining omonatlarini jalb qilish bo‘yicha respublika tijorat banklari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlov natijalariga ko‘ra  “Qishloq joylarda aholi omonatlarini jalb qilish bo‘yicha yilning eng yaxshi filiali” nominatsiyasi bo‘yicha bankning Kogon filiali ikkinchi o‘rinni, “Shaharlarda  aholi  omonatlarini jalb qilish bo‘yicha yilning eng yaxshi mini-banki” nominatsiyasi bo‘yicha bankning Farg‘ona filiali “Farg‘ona” mini-banki birinchi o‘rinni, “Qishloq joylarda aholi omonatlarini jalb qilish bo‘yicha yilning eng yaxshi mini-banki” nominatsiyasi bo‘yicha bankning Beruniy filiali “To‘rtko‘l” mini-banki uchinchi o‘rinni egalladilar.

Bugungi kunda ATB “Qishloq qurilish bank” tizimida 42 ta filial, 48 ta minibank va 186 ta shahobchalar faoliyat yuritmoqda va ularda 692 mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxs maqomidagi mijozlarga xizmatlar ko‘rsatilmoqda.  

2016 yilning 1 avgust holatiga bankning sof aktivlari 5 122,9 mlrd. so‘mga va jami kapitali 464,3 mlrd. so‘mga yetdi.

Bank Axborot xizmati. 

Xizmatlar litsenziyalangan. Reklama huquqi asosida.
 

Top