19:46 / 09.08.2016
12677

Munavvara Usmonova: “Uyushma a'zoligiga hech qanday to‘siq va muammolar mavjud emas!..”

Ko‘pchilik muxlislar tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilib, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyati hamda a'zolik qoidalari haqida savollar berishadi. Biz ushbu talab va istaklarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi adabiy maslahatchisi, taniqli shoira Munavvara Usmonova bilan suhbat uyushtirdik.

- Assalomu alaykum Munavvar opa, avvalo, sizni ijodiy jamoamiz nomidan Mustaqilligimizning 25 yilik shodiyonasi bilan tabriklayman. Suhbatimizni Yozuvchilar uyushmasining bayramoldi tayyorgarlik ishlari haqida boshlasak.

-  Rahmat! Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz hisoblangan Istiqlol shodiyonamiz barchamizga muborak bo‘lsin. Yurtimizda mazkur ayyomga qizg‘in tayyorgarlik ishlari ketmoqda. Yozuvchilar uyushmasida ham bir qator dastur va rejalar amalga oshirilish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ayni shu kunlarda 76 nafar taniqli shoir va yozuvchilarimiz respublikamiz bo‘ylab targ‘ibot ishlarida faol ish olib borishmoqda. “Kamolot” Yoshlar ijtimoiy harakati bilan hamkorlikda “Biz buyuk yurt farzandlarimiz!” yoshlar festivallarida ham eng oldi qatorlarda, kamarbastalik bilan xizmat qilishmoqda. Qolaversa, “Eng ulug‘, eng aziz” nomli tanlovimizni yakuniy bosqichini o‘tkazish arafasidamiz. Bolalarimizning sevimli adiblari Xudoyberdi To‘xtaboyev, Anvar Obidjon, Tursunboy Adashboyevlarning ko‘maklari ostida ikki jildlik “Bolalar antologiyasi”, “Sog‘lom ona va bola yili” davlat dasturini ta'minlash maqsadida “Ko‘zim qarog‘idasan, bolam” deb nomlangan kitoblarimiz chop etildi. Shuningdek, “Kim edigu, kim bo‘ldik va yana qanday yuksak marralarga erishmog‘imiz kerak!” shiori ostida uyushma a'zolarining bunyodkorlik ishlari to‘g‘risidagi yangi publitsistik kitobni nashriyotga topshirganmiz. Va yana bir qator yangi kitoblarni ulug‘ to‘yimizga to‘yona qilish niyatimiz bor. 

-  Yaqinda bir muxlis tahririyatimizga qo‘ng‘iroq qilib, Yozuvchilar uyushmasiga 35 yoshgacha bo‘lganlar qabul qilinishi  haqida aytgan edi!?

-  Chegara 35 yoshgacha emas. Uyushmamizga 25 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lganlar qabul qilinadi. Buning uchun nafaqat o‘zimizda, viloyat bo‘limlarimizda ham qabul komissiyalari faoliyat yuritadi. Shartlar yetuk va samarali ijod mahsuli bo‘lsa bas! Yaqinda bir mish-mish eshitdim, go‘yoki, a'zolikka tanish-bilish yoki katta miqdorda pul talab qilinar emish. Bularning hammasi safsata! Agar shunday bo‘lganida men hech qachon uyushma a'zosi bo‘lolmagan, hattoki, hozir siz bilan suhbatlashib o‘tirmagan bo‘lar edim. Boisi, men oddiy Andijonning chekka Marhamat tumanidagi qishloqda tug‘ilganman. Rahmatli otam haydovchi bo‘lgan. Mana shu darajaga yetishimga faqat va faqat izlanish tufayli erishdim. Yana shuni qo‘shimcha qilishim mumkinki, uyushmamiz a'zolarining qariyb yarmidan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi.

-  Ikki davrni ko‘rgan adiba sifatida bugun yoshlarimiz tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar haqida nima deya olasiz? 

-  Yaqinda bir kichkina qizaloq yonimga kelib, kitob chiqarmoqchiligini aytdi. O‘zini Zulfiya mukofotiga tavsiya qilmoqchi ekan. Ochig‘i, juda hayratlandim. Nazarimda, mukofot ilinjida ijod qilish umuman yaramaydi. Ustozlarimiz bizga sen shuhratni quvma, shunday narsa yaratginki, yozganing yuragingdan to‘kilsin. Ana o‘shanda qancha kerak bo‘lsa, shuhrat ortingdan o‘zi  quvlaydi deganlar. Hozirgi kunga kelib, ayrim yoshlarimiz manfaatdorlik maqsadidagina ijod qilishmoqda. Ijod ko‘ngil ishi, ko‘ngildan yaralgan har qanday narsaning umri uzun. Majburlab, “xo‘jako‘rsinga” tayyorlangan narsa bahorda yog‘gan qor kabi tezda erib ketadi. Bugun yurtimizda muvaffaqiyatga erishishga barcha imkoniyatlar muhayyo. Shunday ekan, yoshlarimiz mana shu shart-sharoitlardan unumli foydalanishlari lozim. Bunday imkoniyat bizning davrda bo‘lmagan. Hattoki, men ham Istiqlol sharofati sababli el nazariga tushganman.

- Xalqimizning e'zozidagi shoira 25 yillik tantanaga qanday tuhfa hozirlagan?

-  Yaqindagina “Bunday elni qaydan topasan” nomli katta hajmli kitobim chop etildi. Va bunga qo‘shimcha ravishda “Keragimsan” nomida ham kichik kitobcham bosmadan chiqdi. Yuqorida aytib o‘tgan, “Kim edigu, kim bo‘ldik va yana qanday yuksak marralarga erishmog‘imiz kerak!” shiori ostidagi antologik kitobda “Yuksak marralarni ko‘zlayotgan yurt” nomli yirik maqolam O‘zbekiston havo yo‘llari aviakompaniyasiga bag‘ishlangan. Yana shuningdek, yaqin kunlarda “Vatan - ulug‘ darsxona” deb nomlangan publitsistik to‘plamim chiqishi bayramga munosib sovg‘am bo‘ladi degan umiddaman. 

-  Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur!

Top