09:59 / 10.08.2016
7991

WSJ: Erdo‘g‘an Rossiya Turkiya uchun YeI o‘rnini bosishi mumkinligini namoyish qilmoqchi

Foto: RIA Novosti

Yevropa siyosatchilarining fikricha, Vladimir Putin va Toyyib Erdo‘g‘anning o‘zaro yaqinlashuvi, turk yetakchisining Rossiya YeI muqobili bo‘lishi mumkinligini namoyish etish istagi bilan bog‘liqdir, deb yozadi The Wall Street Journal gazetasi. 

Rossiya va Turkiya davlat rahbarlarining ikki tomonlama munosabatlardagi inqirozdan so‘nggi birinchi uchrashuvi 9-avgust kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tdi. Unda siyosatchilar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirishga kelishib olishdi. 

"Shunga qaramay, uzoq istiqbolda ularning manfaatlari umuman bir-biriga ziddir. Xususan, Suriya hamda iqtisodiyot va energetika masalalari bo‘yicha. Shu boisdan ham biz rasmiy Anqara uchun eshiklarimizni ochiq qoldirishimiz kerak", — deya YeIning yuqori lavozimli mulozimlaridan birining so‘zlarini keltiradi The Wall Street Journal. 

Boshqa bir yevropalik mulozimning so‘zlariga ko‘ra, Erdo‘g‘anning tashrifi "ko‘rinishidan asliga mos kelmaydigan kuch namoyishidir".

"Uning aksariyat yirik ittifoqchilari, o‘rtadagi keskinlikni zaiflashtirishni xohlagan taqdirda ham, Rossiyaga nisbatan tobora jiddiy shubhalarga ega bo‘lib bormoqda", — degan prezident kichik Jorj Bush ma'muriyatining sobiq maslahatchisi Tomas Grem. 

Uning fikricha, garchi rasmiy Anqara NATO ittifoqchisi bo‘lsa-da, uning himoyasi boshqacha mazmunga ega bo‘lib bormoqda. Buni Turkiyaning "tobora totalitar davlatga aylanib borishi barobarida Rossiyaga yaqinlashayotganida ko‘rish mumkin".

Nashrning ta'kidlashicha, Erdo‘g‘anning Turkiyadagi davlat to‘ntarishiga urinishdan so‘ng, birinchi xorijiy safarini Rossiyaga amalga oshirishi, Moskvaga tayanishga tayyorligini namoyish etadi. Ammo, Yevropa yetakchilariga ko‘ra, IShIDga qarshi kurashda muhim ahamiyatga va NATOning ikkinchi yirik armiyasiga ega bo‘lgan Turkiya G‘arbning o‘zgarmas ittifoqchisi bo‘lib qolaveradi.

Top