10:43 / 11.08.2016
16795

Afrika fojialari

Yer yuzida shunday mamlakatlar bor-ki, mustaqillikka erishganiga 50 yildan oshgan bo‘lishiga qaramay, u mamlakatlarda hamon qirg‘inbarot urushlar davom etmoqda. Xalqi och-nahorlikda, sarson-sargardonlikda umr kechirmoqda. Buni biz Afrika mamlakatlari misolida ko‘rishimiz mumkin.

O‘tgan asrning 60-yillarini tom ma'noda Afrika yili deb atash mumkin. O‘z mustaqiligini qo‘lga kiritgan Afrika mamlakatlari xalqlari o‘z kelajaklariga katta umid bilan boqishgan edi. Ular yaxshi hayot bir zumda amalga oshishiga ishonishgandi. Ochig‘ini aytish kerak-ki, mustaqillikka erishgan mamlakatlar o‘z davlat apparati, armiya va politsiyasini shakllantira boshladi. O‘z madaniyatini rivojlantirish imkoniyati paydo bo‘ldi. BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarga a'zo bo‘lib kirish orqali mustaqilikka erishgan mamlakatlarning xalqlari ertangi kunga ishonch bilan qadam tashlashdi. Yosh davlatlar BMTning ixtisoslashgan muassasalari, xorijiy mamlakatlar, xalqaro moliya tashkilotlari, banklardan har tomonlama yordam ola boshladi. Shu bilan birga sovuq urush davrida yirik davlatlarning Afrika mamlakatlariga qiziqishi va ta'siri ham kuchayib bordi. Mustaqilikka erishgan Afrika mamlakatlarining hukumatlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish loyihalarini yirik davlatlarning rejalari asosida olib borishga majbur bo‘ldi. Ayrim mamlakatlar kapitalistik, ayrimlari esa nokapitalistik yo‘lni tanladi. Biroq Afrika mamlakatlari uchun har ikki yo‘l ham o‘zini oqlmagandek bo‘ldi. Deyarli barcha mamlakatlarda bekordan bekorga insonlarning qoni to‘kildi. Chunki bu mamlakatlarda fuqorolar urushi boshlanib ketdi. Bir qator Afrika mamlakatlari mustaqil taraqqiyot yo‘lini tanlagan bo‘lishlariga qaramay, qashshoqligicha qolaverdi. Bunga hukumat rahbarlarining taraqqiyot yo‘lini o‘z vaqtida ishlab chiqmagani sabab bo‘lgani aytiladi. Bu mamlakatlarda davlatchilik qurilishi o‘ta murkkablik bilan kechdi.

Afrika mamlakatlarining ayrimlarida bosh-boshdoqlik yuzaga keldi. Boshqaruv apparatiga professional bo‘lmaganlar kelib qoldi. Bu, o‘z navbatida, byurokratik apparatning samarasiz ishlashiga olib keldi. Korrupsiya avjiga chiqdi. Mahalliychilik yuzaga keldi. Bu aholining boshqaruv apparatiga ishonchini susaytirdi. Jamiyatda faqatgina qurolli kuchlargina birlashgan kuch sifatida yuzaga chiqdi. Bu, o‘z navbatida, harbiy to‘ntarishlariga sabab bo‘ldi.

Bir qator mamlakatlarda giyohvand moddalar noqonuniy savdosi, noqonuniy tarzda oltin va olmoslar qazib olish, hatto odam savdosi avjiga chiqdi. Jahon Yalpi Ichki Mahsulotida Afrika mamlakatlari ulushi qisqarib ketdi. Aholi jon boshiga ishlab chiqariladigan mahsulotlar ham kamaydi. Mustaqillika erishgan davlatlar o‘rtasidagi chegaralarning sun'iy ravishda belgilangani ham bir qator muammolarni keltirib chiqardi. Shu kabi muammolarga barham berish maqsadida 1963 yilda Afrika Birligi tashkiloti tashkil etildi. Biroq shunga qaramay Afrikada etnik to‘qnashuvlar yuz berib turdi. Afrikaning biror bir mamlakatida yuz bergan etnik to‘qnashuvlar qit'aning barcha burchaklarida o‘zining aks-sadosini berdi.

1967-1970 yillarda Nigeriyada yuz bergan fuqorolar urushi vaqtida 1 milliondan 2 milliongacha bo‘lgan odam halok bo‘lgani aytiladi. Ugandada esa 1971-1979 yillarda ayovsiz qirg‘inbarotlar yuz berdi. Ruanda va Burundi mamlakatlarida xutu va tutsi xalqlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan qonli to‘qnashuvlar ham har ikki mamlakat iqtisodiyotiga katta zarar yetkazdi. Ruandada 1 million, Burundida esa 600 mingdan ortiq kishi o‘zlarining kindik qoni to‘kilgan maskandan bosh olib ketdi.

Afrika mamlakatlarining xalqlari qashshoqlik, ochlik, urushlar tufayli o‘z uylarini tashlab, boshqa yurtlarga bosh olib ketishga majbur bo‘ldi. O‘tgan asrning 60- yillarida G‘arbiy Yevropa mamlakatlari afrikalik arzon ishchilar bilan to‘lib ketgan edi. 90- yillarga kelibgina Tropik va Janubiy Afrika mamlakatlarida tinchlik qaror topa boshladi. Bir qator tahlilchilar bunga “sovuq urush”ning tugagani sabab bo‘lganini aytishadi. Biroq bir qator mamlakatlarda avvalgidan ham battar millatlararo to‘qnashuvlar, fuqorolar urushi kelib chiqdi.

Liberiyada 1989 yilgi qirg‘inbarotlar bir milliondan ortiq fuqoroning ommaviy ravishda qo‘shni mamlakatlarga ketishlariga sabab bo‘ldi. Mamlakat parakonda holatiga kelib qoldi. Mamlakatga kiritilgan xalqaro tinchlikni saqlovchi kuchlari sa'y-xarakatlari bilangina Liberiya davlatchiligini saqlab qoldi. Qo‘shni Serra-Leone Respublikasidagi harbiy to‘ntarishlar va qurolli nizolar bu mamlakatda fuqorolar urushiga olib keldi. Afrika Birlik tashkiloti va BMTning aralashuvi bilangina majorolar biroz yumshatildi. Biroq bu mamlakat iqtisodi tannazzulga yuz tutdi. Somalida tuzilgan bir qator harbiy-siyosiy tashkilotlar o‘rtasidagi raqobat mamlakatning bir nechta bo‘laklarga bo‘linishiga olib keldi. Kongo Demokratik Respublikasidagi vaziyat esa nafaqat mamlakatning bo‘linib ketishiga, balki qo‘shni mamlakatlarga ham salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Chunki bir mamlakat rasmiy hokimiyatni qo‘llab-quvvatlasa, ikkinchi bir davlat isyonkorlarga yon bosdi. Chad Respublikasida yuz bergan ichki qarama-qarshiliklar mamlakat iqtisodiyotini butunlay izdan chiqarib yubordi. Efiopiyadan ajralib chiqqan Eritreyadagi kelishmovchiliklar ham Efiopiyaga, ham Eritreyaga og‘ir talofatlarni keltirdi.

Qit'adagi vaziyatni tahlil qilgan sharhlovchilar “afropessimizm” degan iborani qo‘llay boshlashdi. Aholining tushkun kayfiyatga berilib ketishiga so‘zsiz ochlik, qashshoqlik, yuqumli kasalliklarning avj olishi, jinoyatchilikning o‘sishi va ildiz otgan korrupsiya sabab bo‘ldi. 

Millatlararo va elatlararo to‘qnashuvlar Afrika uchun fojia bo‘lgani aniq. Afrikaliklar o‘z boshlariga tushgan ko‘rguliklar uchun G‘arb mamlakatlarini ayblashadi. Biroq hamma ayb G‘arbdamikan? O‘z boshiga tushgan qorni har kim o‘zi kuramaydimi? Barqarorlik yo‘q joyda taraqqiyot bo‘lmaydi.

Mana shularni tahlil qilar ekansiz, tinchlik-xotirjamlikning qadriga yetish kerak, degan xulosaga kelasiz. Tinchlik bo‘lgan joyda bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi. Xalq ertangi kunga ishonch bilan qaraydi.

O‘zbek xalqi asrlar davomida mustaqillikka intilib keldi. 1991 yilning 31 avgustida mana shu orzu umidlar ro‘yobga chiqdi. Bugungi kunda biz faxr bilan ayta olamizki, istiqlol yillarida O‘zbekiston olamshumul muvaffaqiyatlarga erishdi.

Chorak asr bo‘libdiki, O‘zbekiston mustaqillikni mustahkamlagan holda buyuk kelajakka ishonch bilan qadam tashlamoqda.

Sharofiddin To‘laganov / TNEWS.UZ

Top