08:32 / 11.08.2016
35226

Xo‘rlangan mardikor ayol

Quyliq shohbekati yonginasida mardikor bozori bor. U yerda turli yoshdagi qiz-juvonlaru yigitlarni ko‘rasiz. Ular har bir o‘tayotgan mashinaga umid bilan tikilishadi. To‘xtagan mashinaning oldiga esa xuddi qushdek uchib borib, atrofini o‘rab olishadi.

Parkent tumaniga borish uchun bekatda hamkasbimni kutib o‘tirdim. Yuqoridagi manzarani ancha kuzatdim. Aksini olgandek, hamkasbim ham tezroq kela qolmadi. Xizmat safari bilan Toshkent viloyatiga chiqmoqchi edik. Vaqtning tezroq o‘tishini istab, mardikor ayollar tomon yurdim. Atrofimga darhol qizlar, ayollar yig‘ilishdi. Yoshlari mendan katta bo‘lsa-da, ular “Opajon, ish bormi?”, deya menga javdirab qarashardi. “Hamma ishni bajarish qo‘limdan keladi, faqat pulini bersangiz bo‘ldi”, dedi o‘rta yoshlardagi ayol.

— Asosan nima ish qilasiz? — dedim unga rahmim kelib. 
— Aytgan barcha yumushlaringizni  qilib ketaveraman.
— Yer chopishni bilasizmi? — deya qiziqib so‘radim uning qadoq qo‘llariga, oftobdan qoraygan so‘lg‘in yuzlariga qarab.
— Albatta. Unday ishlarni bir zumda qotirib tashlaymiz.
— Ilgari ham shunday ishni qilganmisiz? Qancha to‘lashgan?
— Bahorda bunaqa yumushlar ko‘p bo‘ladi. Ishga olib ketganlar o‘n-yigirma ming so‘m berishardi.
— Kun bo‘yi shu ish bilan shug‘ullanarmidingiz?
— Yeriga qarab. Ayrim odamlar judayam injiq bo‘ladi. Ag‘dargan yeringizning kesaklarini ham maydalab berishni so‘rashadi. Bu ko‘p vaqtni oladi.
— Ha, tushunarli — dedim ayolginaga rahmim kelib. — Agar vaqtingizni olmasam, bu yerdagi ish haqida gapirib bering.

Ayol jim bo‘lib qoldi. Keyin meni bir chetga tortdi. O‘sha yerdagi o‘rindiqqa o‘tirib oldik.

Keyin u hasrat daftarini ochdi…

“Ismim Gulchiroy. Ammo Gulchiroyning chiroyidan asar ham qolmadi. Turmushning g‘am-anduhlari, og‘ir mehnat meni anchagina toliqtirib qo‘ydi. Ammo Xudoga shukur qilamanki ikkita o‘g‘lim bor. Ular suyanchiqlarim. Qariganimda belimning darmoni, ko‘zimning quvvati. Dadasi insult bo‘lib vafot etdi. Ro‘zg‘orning barcha tashvishi mening gardanimga tushdi. Erkaksiz uy zimistonga o‘xsharkan. Turtinib-surtinib, tirikchilik uchun shu yerlarda yuraman. Erkak kishining topganida baraka bo‘larkan. Turmush o‘rtog‘im ishlaganida men farzandlarim tarbiyasi bilan mashg‘ul edim. Endi bo‘lsa…

Hech kimning boshiga bunday ko‘rgulik tushmasin. Gohida odamlarga qarab turib, ayrimlaridan nafratlanib ketaman. Yaxshi hamki farzandlarim bor. Shular bilan ovunaman. Dardlarimni ularga aytib, yengil tortaman.

Dastlab birinchi bor bu yerga kelganimda soddaligimdan pand yeganman. Inson o‘ta sodda ham bo‘lmasligi kerak ekan. O‘shanda yoshi bizdan kattaroq kishi kelib “Kim oyna artishga boradi?”, deb so‘radi. Men shosha-pisha ularning yoniga borib “Meni olib keta qoling! Men oynangizni yaxshilab artib beraman”, debman. U kishi menga boshdan-oyoq razm soldi-da, mashinasining eshigini ochdi. O‘sha atrofdagi bir-ikkita ayollar menga qarab kulishdi. Kulgusining sababini bilolmay, ish topilganiga xursand bo‘lib, hayron bo‘lganimcha mashinaga o‘tirdim.

U kishi meni shaharning markazidagi ko‘p qavatli uylardan biriga olib kirdi. Keyin menga choy qo‘yishni buyurdi. Hayron bo‘ldim. Oshxonaga chiqib choy quydim. Boyagi kishi o‘sha yerdagi muzlatkichni ochib, ichidan kolbasa, pishloq oldi-da tarelkaga chiroyli qilib kesib, stol ustiga har xil ichimliklar  bilan ularni qo‘ydi. Men choy damladim-da, unga yuzlandim:

— Kechirasiz, vaqtim tig‘iz.  Ishga kirisha qolay.
— Shoshilib nima qilasiz, jonidan. Bir piyola choy ichib olaylik. Keyin ishimizni boshlayveramiz, — deya beo‘xshov kuldi u.
— Siz bemalol nonushtangizni qilavering. Menga artiladigan oynalarni ko‘rsating, ishimni bajaraman, — dedim yana unga.
— O‘tiring, yeb qo‘ymayman! Bir kelib qolibsiz-da endi, — deya u o‘ziga yarashmagan epchillik bilan qo‘limdan ushlab, stulga o‘tqizdi. — Nima ichasiz? Aroqmi, konyakmi, vinomi? Barchasi mo‘hayyo. Qaysi biridan qo‘yay!
— Uzr, men ichmayman. Ko‘nglingizga yoqqanini o‘zingiz ichavering.
— Buncha tarang qildingiz, asalim. Bunday ohu ko‘zlarni qayerdan olgansiz? Bitta qarang, bittagina! Sazamni o‘ldirmang endi. Qayrilma qoshlaringiz, nayzadek kipriklaringiz, naqsh olmadek yuzlaringiz odamni adoyi tamom qiladi-ku! Bitta nigoh tashlang endi.
Unga nafrat bilan tikildim.
— Oh, oh! Bu ko‘zlar. Naq seni teshib yuboraman deydi-ya. Bunga qaysi erkak dosh berolarkan! Qani, asalim, dasturxonga qarang!
— Men nonushta qilganman, rahmat, — deya o‘rnimdan turdim-da, vannaxonasini izlab, u yerga kirdim. O‘sha yerdagi dokani olib, namlab,  oynalarni artish uchun ortimga qayrildim. Shu payt boyagi kishi kirib keldi-da, iye yo‘q, be yo‘q meni quchoqlab oldi.           
— Muncha shoshmasangiz, jonidan. Ulgurardik axir, — deya meni yotog‘iga tortqilay boshladi.
— Qo‘yvoring deyapman, hozir dod solaman! — deya uning omburdek qattiq qo‘llaridan qutulishga harakat qildim.
— Muncha noz qilmasangiz. Axir shuning uchun kelgansiz-ku! Men sizni majbur qilganim yo‘q! — deya u meni yotog‘iga sudrab kiritdi.
Shartta qo‘lidan tishladim-u, yotog‘idan chiqdim. U voy-voylab qoldi. 
— Uyalmaysizmi? Sizning ham opa-singlingiz bordir! Men bu yerga ish izlab kelgandim, — dedim titrab.
— Iya, hali sen “Oyna artish” parolini bilmaysanmi? — deya  u meni sensiragancha ajablanib so‘radi .
Keyin esa tushuntirib berdi. Bu parol yengil tabiatli ayollar uchun ekan. Ular erkaklarning ko‘nglini ovlarkan. Mening maqsadim boshqaligini bilgach, boyagi kishining jazavasi tutdi:
— Bor yo‘qol, qanjiq! Avvalroq shunday demaysanmi! Meni ovora qilmasdan!

Darhol eshikni qarsillatib yopdim-da, zinapoyalardan o‘qdek uchganimcha tushib ketdim. Bozordagi xotinlarning nima uchun kulganini endi anglaganday bo‘ldim. So‘ngra mardikor bozoridagi ayollardan surishtirib, qanday ishga, necha pul olishni yoki so‘rashni bilib oldim.

Bir kuni bir boyvachchaning xonadonini yig‘ishtirishga bordim. Ertalabdan kechgacha tinim bilmasdan uyini tozaladim. Ketishimdan oldin, uy egasidan xizmat haqimni so‘radim. Gapim unga yoqmadi, shekilli, basharasini bujmaytirdi-da, hojatxonaga kirdi. Keyin u yerdan chiqdi-da, menga nopisandlik bilan dedi:
— Hojatxonani ham tozalab keting. Pulni o‘sha yerga qo‘ydim.

Aytilgan joyga kirib, u yerdagi ahvolni ko‘rib, xo‘rligim keldi. Noinsof, ortidan suv qo‘yib yuborishni o‘ziga ep ko‘rmabdi. Pulni bo‘lsa ataylabdan suv tortadigan joyga qo‘yibdi. Noiloj suvni tortdim-da, o‘sha iflosning isqirtini yuvib yubordim. Pulni oldimu, bu xonadondan tezroq chiqib ketishga oshiqdim. Chunki meni xuddi kimdir bo‘g‘ayotgandek his qildim o‘zimni. Yo‘lda ketib borarkanman, ko‘zlarimga o‘z-o‘zidan yosh qo‘yilardi…        

Shu payt hamkasbim Shukur kelib, meni shoshiltirdi. Men bu ayolga qanday tasalli ham berishni bilmasdan, xayrlashib hamkasbimning mashinasiga o‘tirib ketdim. Ketyapmanu xayolimda ayol aytib bergan noinsof erkakni ko‘z oldimga keltirib, undan nafratlanib ketdim.

Xonbibi HIMMAT qizi

Top