17:55 / 12.08.2016
9899

Farg‘ona: erishilgan yutuqlar sarhisobi

Farg‘ona viloyati tuman va shaharlarida ham Prezidentimiz tashabbusi bilan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, hudud mutlaqo yangi, ko‘rkam qiyofa kasb etdi.

Mana bu raqamlarga bir e'tibor bering: Farg‘ona shahrida 2011-2015 yillarda 1,5 trillion so‘mlik qurilish-obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Bu jarayonda avtomobil yo‘llari tizimini tubdan yaxshilash bo‘yicha olib borilgan ishlar ayniqsa diqqatga sazovordir. 

Katta halqa yo‘lining Aeroport ko‘chasida qayta qurish ishlari yakunlandi. Yangi barpo etilgan va uzunligi 14,2 kilometrlik kichik halqa yo‘li to‘liq rekonstruksiya qilindi. Shaharning Aeroport, Al-Farg‘oniy, Quvasoy, Alisher Navoiy, Mustaqillik ko‘chalarida rekonstruksiya ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Sayilgoh, E'tiqod, Qashqar, Forobiy ko‘chalari, Mustaqillik ko‘chasining Farg‘ona – Vodil yo‘nalishidagi avtomobil yo‘llarida rekonstruksiya va to‘liq ta'mirlash ishlari nihoyasiga yetkazildi. 

Shaharda yangi ko‘priklar qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va ta'mirlash bo‘yicha belgilangan dastur doirasida Marg‘ilonsoy kanalini kesib o‘tuvchi 12 va boshqa yo‘llardagi 5 ko‘prikda 2,5 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarildi. Marg‘ilonsoy o‘zanini rekonstruksiya qilish, ikki qirg‘og‘ida himoya vositalari o‘rnatish, piyodalar yo‘lakchalari, yoritish tizimi barpo etish  ishlari amalga oshirildi. 

Hayotbaxsh o‘zgarishlar tufayli Farg‘ona shahrining yangi ma'muriy-madaniy markazlari shakllantirildi. Quvasoy ko‘chasida ming o‘rinli muhtasham viloyat Teatr-konsert saroyi foydalanishga topshirildi.

Bugun ushbu maskanga kelgan hamyurtlarimiz nafaqat madaniy dam oladi, balki 40 gektar maydondagi 11 mingdan ortiq tabiat olami manzaralaridan zavq oladi, miriqib hordiq chiqaradi. Hudud manzarasiga uzukka qo‘yilgan ko‘zdek mos tushgan kashtan, dub, akatsiya, sosna, sofora, ayva, qarag‘ay, lola daraxti kabi manzarali daraxtlar baravj rivojlanmoqda.

Yangidan qurib bitkazilgan 500 o‘rinli lazer-shouli amfiteatr, Alisher Navoiy, Oqariq, Quvasoy, O‘zbekiston ovozi ko‘chalari kesishgan joydagi 4 yoritkichli musiqali favvoralar yurtdoshlarimizning mazmunli hordiq chiqarishiga xizmat qilmoqda. 

Al-Farg‘oniy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i to‘liq rekonstruksiya qilindi va bu yerda bolalar uchun qo‘g‘irchoq teatri binosi yangidan qurildi. Sayilgoh va Mustaqillik ko‘chalari orasidagi Bolalar bog‘ini rekonstruksiya qilish, zamonaviy attraksionlar o‘rnatish, muzqaymoq va yaxna ichimliklar shoxobchasi, sovg‘alar do‘konini qurish ishlari yakunlandi. Quvasoy ko‘chasidagi sobiq To‘qimachilar bog‘i o‘rnida bolalar uchun attraksionlar majmuasi barpo etildi. Qirguli mavzesida bolalar xiyoboni tashkil etildi, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi qoshida yangi sport majmuasi qurib bitkazildi.

“Farg‘ona” xalqaro aeroportida ham keng ko‘lamli qurilish- obodonlashtirish ishlari bajarildi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi ma'muriy binosi mukammal ta'mirlandi. Shahar markazidagi “777”, “Ziyorat”, “Do‘stlik”, “Sharq” mehmonxonalari rekonstruksiya qilindi. Quvasoy, Marg‘inoniy, Forobiy, Aeroport, Ma'rifat ko‘chalaridagi eski binolar, sobiq “Furan kimyo birikmalari” va “Farg‘onagazapparat” zavodlari o‘rnida 70 dan ziyod ko‘p qavatli zamonaviy uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirildi.

Jahon andozalari darajasida qad rostlagan 20 ming o‘rinli “Istiqlol” stadioni farg‘onalik futbol muxlislariga chinakam tuhfa bo‘ldi. Stadion hududiga 3,5 mingdan ziyod noyob manzarali daraxtlar ekildi, xizmat ko‘rsatish majmualari tashkil etildi. 

Shaharning muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi ham zamonaviy taraqqiyot mezonlari asosida rivojlanishi ta'minlandi. Xususan, elektr tarmoqlari tizimi, moddiy-texnik ta'minot bazasi, elektr tarmoqlari qurilmalari va bino inshootlari to‘liq ta'mirlandi.

Shaharda ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash maqsadida Osiyo taraqqiyot bankining imtiyozli krediti hisobidan 55 kilometr suv tarmog‘i rekonstruksiya qilinishi tufayli 140 mingdan ziyod aholining ichimlik suvi ta'minoti yaxshilandi. Mavjud ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlari rekonstruksiya qilindi va mukammal ta'mirlandi. 27 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari yangidan yotqizildi. 8 kilometrlik gaz quvurlari almashtirildi.

Keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari doirasida shaharning ko‘kalamzorlashtirilgan maydonlari 100 gektardan oshdi. Shaharning markaziy qismida 30 mingdan ortiq kashtan, dub, qrim qarag‘ayi, yapon soforasi kabi manzarali daraxtlar va butazorlar parvarishlanmoqda. Mustaqillik va Al-Farg‘oniy ko‘chalarida landshaft arxitekturasi asosida Kashtanzor ko‘chasi yaratildi. Barcha ko‘chalar, yashil maydonlarda hududning o‘ziga xos iqlim mo‘'tadilligini ta'minlovchi noyob manzarali daraxtlar ekilib, gulzorlar barpo qilingani  viloyat markaziga yanada  chiroy bag‘ishladi.

Top