09:51 / 12.08.2016
6304

Shanxaydagi yangi "Disneylend" ikki oydan kamroq vaqt ichida 1 mlndan ko‘proq odam qabul qildi

Xitoydagi eng katta ko‘ngilochar bog‘ – Shanxaydagi "Disneylend" o‘z ishini boshlagan ikki oydan kamroq vaqt ichida 1 mlndan ko‘proq odam qabul qildi. Bu haqda Xitoy xalqaro radiosi ma'lum qildi.   

"Biz 16 iyunda ochilganimizdan beri 1 mln dan ko‘proq odamni qabul qildik. Ular biz kutgandan ham ko‘proq taassurotlarga ega bo‘lishdi", deb aytdi The Walt Disney bosh direktori va prezidenti Robert Ayger. Uning ta'kidlashicha, mehmonxonalarning yuklanganligi 95 foiz darajasida barqaror qolmoqda. 

Bog‘ shaharning Pudun tumanida joylashgan va 3,9 kvadrat kilometr maydonni egallaydi. U shuningdek qit'adagi Xitoyda qurilgan birinchi "Disneylend" hisoblanadi. Bog‘ga ish kunlari kirish chiptasi narxi 370 yuanni (56 dollar) tashkil qiladi, biroq dam olish kunlari uning narxi 499 yuangacha (76 dollar) yetadi.

Avvalroq bog‘ vakillari unga faoliyatining birinchi yili 12 mln kishi kelishini, kelgusida esa bu raqam har yili 3-5 mln ga oshishini prognoz qilgandilar. Kompaniyada ta'kidlanishicha, bog‘ yiliga taxminan 4,4 mlrd yuan (667,9 mln dollar) foyda keltiradi. Bog‘ning Xitoy sayyohlik sohasiga keltiradigan iqtisodiy samarasi 35 mlrd yuan (5,3 mlrd dollar) atrofida baholanmoqda.

Bog‘ bir necha tematik hududlarga bo‘lingan: "Sarguzashtlar oroli", "Orzu bog‘i", "Mikki prospekti", "Kelajak mamlakati", "Xazinalar G‘ori" va "Orzular mamlakati". Bog‘ tashkilotchilarining aytishicha, bu yerdagi Uyqudagi Go‘zal qasri bunday inshootlar orasida eng balandi hisoblanadi.

Bog‘ xitoylik va amerikaliklarning birgalikdagi loyihasi hisoblanib, u mahalliy va xorijiy dizaynerlarning g‘oyalari asosida yaratilgan. Loyiha mualliflari  Walt Disney kompaniyasi va uning xitoylik hamkori Shanghai Shendi Group hisoblanadi. Ular bog‘ning qurilishiga birgalikda 5,5 mlrd dollarlik sarmoya kiritishgan. Unda Walt Disney’ning ulushi 57 foizni tashkil qiladi, qolgani esa Xitoy kompaniyasiga tegishli.

Top