16:51 / 13.08.2016
23590

Farzandingiz maktabga tayyormi

Yangi o‘quv yili boshlanishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Ota-onalar farzandlari uchun kerakli o‘quv qurollarini xarid qilishga kirishib ketishgan.

Boshlang‘ich sinf o‘quvchisi bilan yuqori sinf o‘quvchisiga olinadigan narsalar biroz farq qiladi. Quyida e'tiboringizga barcha o‘quvchilarga birdek zarur xaridlar ro‘yxatini havola qilamiz.

Maktab formasi
Har bir maktabning o‘ziga xos formasi bo‘ladi: bir maktabda oq kofta va qora yubka (o‘g‘il bolalarga - oq ko‘ylak qora shim) kiyilsa, boshqasida maxsus bichimdagi bir xil rangli kiyim talab qilinadi. 

Har qanday holatda ham o‘g‘il bolaga 2 ko‘ylak va 2 shim olib qo‘ygan ma'qul, chunki o‘quv yili davomida har xil vaziyatlar bo‘lishi mumkin. 

Qiz bolaga esa oq rangli 2 kofta va 2 yubka (yoki sarafan) taxt qilgan yaxshi. 

Poyafzal
Farzandlaringiz kunning yarmini maktabda o‘tkazadi, shu bois ularning oyoqlaridagi poyafzal qulay va sifatli bo‘lishiga ahamiyat bering.

O‘quvchilarga kichik maslahat: o‘quv yili boshlangunicha imkon qadar yangi poyafzalda yurib turing, aks holda maktab boshlanganidan keyin boshqa poyafzal qidirib qolishingiz mumkin. 

Sport kiyimi
O‘zingizga ma'lum, maktabda jismoniy tarbiya fanida kiyiladigan kiyimga ham alohida diqqat qilinadi. Shu bois tabiiy matolardan tikilgan oq futbolka (hech qanday yozuv va rasmlarsiz), to‘q rangli shortilar buning uchun ayni muddao. Sport poyafzali ham esdan chiqmasin!

Paypoq
Qiz bolalarga kundalik kiyish uchun 2-3 xil, o‘g‘il bolalarga esa imkon qadar ko‘proq paypoq "g‘amlab qo‘yish" lozim. Ha, darvoqe, jismoniy tarbiya uchun alohida paypoq kiyishni unutmang. 

Qiz bolalarning onalari kolgotka xarid qilishni yoddan chiqarmasliklari kerak. Har kunga kiyishga 2-3 xil rangli kolgotka va bayramlarda kiyish uchun bir juft oq kolgotka sotib olsangiz, salqin tushganda shoshib qolmaysiz. 

Yuqori sinflarda tahsil oluvchi qizlarga tanaga yaqin rangdagi va qora rangli kolgotkalar to‘g‘ri keladi. 

Portfel yoki sumka
Bugungi kunda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun ortopedik portfellar tavsiya qilinmoqda. Ularning tanaga tegib turadigan tomoni maxsus tuzilishga ega bo‘ladi.
Yuqori sinf o‘quvchilari sumkalarni xush ko‘rishadi. Asosiysi, ularga barcha o‘quv qurollari sig‘adigan bo‘lsin, zero yuqori sinflarda darsliklar ko‘p bo‘ladi. 

Mayda kantstovarlar to‘plami
Standart to‘plam quyidagilardan iborat: qalamdon, ruchkalar (ko‘k, yashil), oddiy qalam, o‘chirg‘ich, chizg‘ich, qalam ochgich.
Agar farzandingiz boshlang‘ich sinfda ta'lim olsa, u holda standart to‘plamga qo‘shimcha ravishda rangli qalamlar, bo‘yoqlar va plastilin xarid qilishingiz lozim. Yuqori sinf o‘quvchilariga esa sirkul, transportir kerak bo‘lishi shubhasiz. 

Daftarlar 
Bir chiziq va katak daftarlar sotib olish shart. Har bir ta'lim bosqichi talabidan kelib chiqib, necha sahifali daftarlar kerak bo‘lishini aniqlang. 

Kundalik daftar
Bugungi kunda kundalik daftarlarning turi ko‘p. Kundalik daftar xarid qilishda maktab qoidalari va o‘quvchining xohishidan kelib chiqilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. 

Ba'zi maktablarda turli xil rasmlar tasviri tushirilgan kundalik daftar tutish qat'iyan man qilingan, chunki bunday rasmlar bolaning diqqatini bo‘lishi mumkin. Boshqa bir maktablarda esa o‘qituvchi sinfdagi barcha o‘quvchilarning kundalik daftarlari bir xilda bo‘lishini talab qiladi. 

Muqovalar
Kitob va daftarlar uchun muqova sotib olishni unutmang. Hozirgi paytda maktab bozorlarida har bir bosqich kitoblariga alohida muqovalar to‘plami taklif qilinmoqda. Ana shu to‘plamdan bir emas, ikkitasini xarid qiling, chunki yilningi yarmida muqovalarning ko‘rinishi turli sabablar bilan yaroqsiz holatga kelib qolishi mumkin.

Kichik maslahat: maktab bozoriga borishdan avval farzandingizning sinf rahbari bilan maslahatlashing va qo‘shimcha ma'lumot oling. 

Top