01:02 / 13.08.2016
4790

Ingliz ekspertlarining aksar qismi APL chempionligi uchun «Manchester Siti»ni asosiy favorit sanamoqda

BBC Sport nashri Angliya premer-ligasining yangi mavsumi arafasida futbol ekspertlari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi.

33 nafar mutaxassis mavsum yakunida liganing kuchli to‘rtligi qanday ko‘rinish olishi haqida o‘z taxminlarini bildirishgan. So‘rovnomada Ruud Gullit, Ian Rayt, Denni Merfi, Trevor Sinkleyr, Denni Millz va boshqa ekspertlar, shuningdek SAM superkompyuteri ishtirok etgan.

17 nafar ekspertning taxminiga ko‘ra yangi mavsumda «Manchester Siti» chempion bo‘ladi. Yana 12 ekspert «Manchester Yunayted»ning imkoniyatini yuqori baholagan bo‘lsa, «Chelsi»ga 3, «Tottenhem»ga 1 ekspert ovoz bergan.

O‘z ovozini «shaharliklar» jamoasi g‘olibligi uchun berganlar orasida Jyermeyn Jyenas, Denni Merfi, Martin Kioun, Ian Rayt, Rud Gullit va Kevin Kilbeyn kabi nomlar bor. 

SAM superkompyuteri ham Gvardiola ilk mavsumidayoq chempion bo‘lishini bashorat qilgan. Texnikaning hisob-kitobiga ko‘ra, ikkinchi o‘rinni «Chelsi», uchinchi o‘rinni – «Manchester Yunayted», to‘rtinchi o‘rinni – «Tottenhem» klubi egallaydi.

Manba: Tribuna.uz

Top