22:24 / 13.08.2016
8973

OAV: AQShdagi 9/11 teraktlaridan keyin o‘tgan 15 yil mobaynida xavfsizlik borasida nimalar o‘zgardi?

Foto: © AP

2001-yil 11-sentabr kuni Nyu York va Vashington shaharlarida amalga oshirilgan mudhish terrorchiliklardan so‘ng, AQSh hukumati mamlakat xavfsizligini ta'minlash maqsadida salkam 1 trln dollar mablag‘ni sarflab yubordi. Biroq, bu mablag‘larning aksariyati bekorga ketgan, deyish xato bo‘lmaydi. 

Atlantic jurnalida chop etilgan "Amerika xavfsizligi kuchaydimi?" maqolasida shu haqda so‘z yuritilgan. Bu savolga javob qidirgan muallif, AQSh prezidenti Barak Obamadan yozma izohlar olgan, Amerika xavfsizlik ma'muriyatlarining sobiq va amaldagi rahbarlari bilan suhabtlashgan. Bular orasida FQB va Milliy xavfsizlik departamenti rahbarlari ham mavjud. 

Maqola muallifining o‘zi, Amerika xavfsizligi kuchaydimi?, degan savolga ijobiy mazmunda javob berar ekan, birmuncha ilmoqli izohlarni ham keltirgan. 

"Ha, biz hozirda o‘sha mash'um sentabr kuni tonggida AQShni larzaga keltirgan, uyushtirilgan hujumlardan yiroqmiz, - deb yozadi AQShda 9/11 deb ataladigan kun haqida. – Terrorchilarning mamlakatimizga kirib kelishi qiyinlashdi, kirib olgan taqdirda ham bu kabi mudhish jinoyatlarni sodir etishlari o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Biroq, biz xavfsizlik sohasidagi eng tahdidli tirqishlardan birini yamadik xolos...Bizning mudofaa chegaralarimiz yanada mustahkam, ammo o‘zimizni asrashimiz kerak bo‘lgan narsa katta sur'atlarda rivojlanmoqda".

Havoga sovurilgan pullar

Muallifning fikricha, "so‘nggi 15 yilda Amerika hukumati 100-150 mlrd dollarni milliy xavfsizlik sohasida o‘zini oqlamagan yoki foydasiz dasturlar hamda haqiqatda ishlamayotgan uskuna va qurilmalarni xarid qilishga sarflab yuborilgan".

Publitsist fikrining isboti sifatida mamlakatning 36ta shahrida joriy qilingan bakteorologik xurujdan himoya tizimi BioWatch haqida so‘z yuritadi. U, amalda foyda beradimi-yo‘qmi, aniq emas. Chunki, tizim hayotda sinab ko‘rilmagan. Buni xavfsiz ravishda faqat laboratoriyada tekshirib ko‘rish mumkin, xolos. Uning 150dan ortiq tahdid haqida bergan signallari asossiz bo‘lib chiqdi. Birmuncha vaqtdan keyin, mahaliy hukumatlar uning signallariga e'tibor bermay ham qo‘yishdi. Shunga qaramay, tizim saqlanmoqda, unga xizmat ko‘rsatishning o‘zi uchun o‘tgan davr mobaynida soliq to‘lovchilarning 1 mlrd dollar mablag‘i sarflab yuborildi. 

Bundan tashqari, "AQSh MXD tomonidan ishlab chiqilgan va 1 mlrd dollarga aylangan kiberxavfsizlik sohasidagi "Eynshteyn" dasturi" ko‘pchilikning masxarasiga sabab bo‘ldi. U, "shunchalik ham besamar bo‘ldiki, dastlab ko‘plab hukumat ma'muriyatlari prezident farmoniga xilof ravishda uni o‘rnatishdan bosh tortishdi", - deb ta'kidlaydi muallif. Uning so‘zlariga ko‘ra, tanqidchilarning keskin fikrlariga sabab bo‘lgan "Eynshteyn", 2014-15 yillarda AQSh ma'muriyati bosh kadrlar arxiviga uyushtirilgan xakerlik hujumini bartaraf etish uyoqda tursin, aniqlay ham olmagan. O‘shanda 25 mln shaxsiy ma'lumotlar o‘g‘irlangan edi. 

Boston voqealarida

Boshqa tomondan "pullar bekorga sarflangan deyish ham noto‘g‘ri bo‘lur edi", deydi muallif. U, fikrining dalili sifatida 2013-yili Boston marafoni finishida Johar va Tamerlan Tsarnayevlar tomonidan uyushtirilgan teraktni yodga oladi. Ma'lum bo‘lishicha, hodisadan yarim yil avval, MXD mablag‘lari hisobiga Massachusets shtatida keng qamrovli 24 soatlik o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilgan. Natijada, marafon boshlanishidan avval, hukumat vakillari tibbiy nuqtalarni shunchalik muvaffaqiyatli joylashtirib, odamlarni shahar tibbiy markazlariga yetkazishni rejalashtirganki, 264 nafar, shu jumladan eng og‘ir jarohatlanganlar ham fojia joyida halok bo‘lganlar safiga qo‘shilishmadi", - deyiladi Atlantic maqolasida.

Hammasidan yomoni – vahima

Muallifning qarashiga ko‘ra, mamlakat uchun eng katta xavotir bu AQShda "iflos bomba" deb ataluvchi qo‘lbola radiologik bombaning portlashiga oid ehtimol va hududning radiofaol moddalardan zararlanishi bilan bog‘liq. Bunda, aholi orasida bombaning portlashidan kelib chiqadigan vahima eng dahshatlisidir. 

Fitnalar mashinasi

Yirik publitsistik maqolada ko‘plab qiziqarli raqamlar va faktlar ham keltirilgan. Xususan, AQSh FQB direktori Jyeyms Komining ma'lum qilishicha, uning boshqarmasi xodimlarining "taxminan yarmi" milliy xavfsizlik yo‘nalishi bo‘yicha ishlamoqda. Bu raqam 9/11gacha "salkam chorak" foizni tashkil etgan. AQSh FQB byudjyeti esa ushbu davr mobaynida deyarli uch martaga oshgan. Umuman, Komi o‘z boshqarmasini "terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha yaxshi jihozlangan mashina" deb hisoblaydi.

Zerikarli tekshirishlar

AQSh aeroportlarida yo‘lovchilarni tekshiruvchi xodimlar soni ham salkam uch baravarga oshib, 16 mingdan 46 mingga yetgan. Ammo, muallifga ko‘ra, bu ham kam. Chunki, ba'zi aeroportlarda tekshirishdan o‘tish navbatlari kishining yuragini orqaga tortadi. Muallifning taklifiga binoan, balki samolyotlarda qurollangan xavfsizlik xodimlarining o‘rniga ayni inspektorlar sonini oshirgan maqsadga muvofiqdir. Birinchidan, samolyotlarda parvoz qiluvchi agentlar soni rasman 5 mingga yaqin (aniq soni maxfiylashtirilgan) bo‘lib, bu shundog‘am kam. Amerikaning 440ta aeroportida kuniga 20 mingdan ortiq parvoz amalga oshiriladi. Ikkinchidan havodagi xavfsizlikni ta'minlash uchun boshqa choralar ham ko‘rilgan: so‘z yuritayotganimiz nazorat kuchaytirilgan, ekipaj a'zolarining kabinasi eshiklari mustahkamlangan, ko‘plab uchuvchilarning o‘zlari ham qurollangan. 

Bunda, havo qo‘riqlash xizmati yiliga 800 mln dollarga aylanadi (FQB byudjyetining 10 foizi yoki Oq uyni qo‘riqlash bilan shug‘ullanuvchi maxfiy xizmat byudjyetining 40 foizini tashkil etadi). Yana bir gap, ular shu paytgacha, aniq bir ijobiy natijani ko‘rsatishgani ham yo‘q. 

Maqolada AQSh Milliy xavfsizlik departamenti xususida ham achchiq fikrlar bildirilgan. Tashkilot, "davlat byudjyetiga yiliga 64,9 mlrd dollarga tushayotgan va 240 ming xodimiga ega ulkan" mavjudotga qiyoslangan. U yerda ham muammolar tiqilib yotibdi: masalan, uning amaldagi rahbari Jyey Jonson, samolyot va vertolyotlarni xarid qilishda mablag‘larni tejash uchun AQShning sohil qo‘riqlash xizmati va Bojxona xizmatini birlashtira olmagan. Aslida, ularning bevosita boshqaruvi aynan Jonsonga tegishli. 

Garchi, Jonsonning tan olishicha, ushbu zerikarli tekshiruvlar naqadar teraktlarni bartaraf etganini aytolmasa-da, o‘tgan yilning o‘zida inspektorlar tomonidan 2,5 mingga yaqin o‘qotar qurol musodara qilingan bo‘lib, ularning 83 foizi o‘qlangan holda bo‘lgan. 

Kongress ham "oq" emas

AQSh ijro hokimiyatini terrorga qarshi kurashdagi usullarini tanqid qilgan muallif, o‘zining achchiq ta'na dashnomlarini mamlakat qonunchilik hokimiyatiga ham yo‘naltiradi. U, jumladan qonun chiqaruvchilar birgina MXD faoliyatini nazorat qilishni u yoki bu darajada Kongressning 119 qo‘mitasi yoki quyi qo‘mitalariga yuklaganini ta'kidlagan. Departament hisob-kitobiga ko‘ra, 2011-12 yillarda ular tomonidan 300ga yaqin parlament eshituvlari tashkil etilgan. Ularda departamentning rahbar xodimlari ishtirok etilishi talab qilingan. O‘rtacha, haftasiga 3 soatdan shu kabi majlislarda o‘tirishga to‘g‘ri kelgan. 

Nihoyat, maqolada "oddiy", ya'ni g‘oyaviy asosga ega bo‘lmagan tahdid haqida fikr yuritilgan. Bu ham bo‘lsa, qurolli zo‘ravonliklardir. Prezident Obamaning uqdirishicha, "amerikaliklarning qurolli zo‘ravonlik qurboni bo‘lish ehtimoli qo‘poruvchilikda halok bo‘lish xavotiridan kuchliroqdir". 

Shunga ko‘ra, maqola muallifi so‘ngso‘z o‘rnida "Kongressning sog‘-nosog‘, ozod va jinoyatchi, terrorchilarning ham erkin qurol sotib olish imkoniyatini berishi qaysi sog‘lom aqliga to‘g‘ri keladi, axir?", degan savolni ochiq qoldiradi.

Top