13 avgust kuni Apple bosh rahbari Tim Kuk o‘z lavozimini egallaganiga besh yil to‘lishi munosabati bilan The Washington Times gazetasi uning ishtirokidagi katta intervyuni taqdim etdi. Ma'lumki, 2011 yilning avgust oyi oxirida Stiv Jobs sog‘lig‘i tufayli kompaniya boshqaruvini topshirgan. Kuk intervyu davomida Apple'ning o‘tmishdagi xatolari, smartfonlar bozoridagi hukmronligi, o‘z hayot tarzi va biroz kompaniya yangiliklari bilan bo‘lishdi. E'tiboringizga suhbatning eng diqqatga sazovor lavhalarini havola etamiz.
Bosh direktor lavozimi haqida
Kuk dastlab bosh direktor bo‘lishni istamasligini aytgan, u daromad va xarajatlarni hisoblab, direktorlar kengashi va aksiyadorlar oldida hisobot topshirish o‘rniga kompaniya xodimlari, turli mamlakatlardagi mijozlari, qurilmalarni yig‘adigan ishchilar haqida qayg‘urishni xush ko‘radi.
"Ehtimol, mening qarashlarim an'anaga u qadar to‘g‘ri kelmas. Buning uchun meni ba'zan tanqid ham qilishadi, bilaman.
Bosh direktor lavozimi yolg‘iz kishilarga mo‘ljallanganligi haqidagi gap-so‘zlar har tomonlama to‘g‘ri. Men hech kimdan hamdardlik kutmayman. Mening ishim dunyodagi eng yaxshi ish".
Smartfonlar bozori haqida
Ikki chorakdan buyon davom etib kelayotgan ayfon sotuvlarining pasayib ketishi tufayli ko‘pchilik tahlilchilar Apple'ga qarshi gapira boshlashdi - kompaniya daromadining uchdan ikki qismi aynan ayfonlar sotuvidan tushmoqda. Biroq ularga bo‘lgan qiziqish pasaya boshladi.

Kukning fikricha, smartfonlar Apple uchun eng maqbul bozorligicha qolmoqda, zero kompyuterlar va televizorlar kichik miqdorda sotilmoqda: ularni bir necha kishi bir bo‘lib ishlatishi mumkin, smartfon esa har bir insonga kerak. Bundan tashqari Kukning so‘zlariga ko‘ra, inson kelgusida smartfonga yanada ko‘p bog‘lanib qoladi.
"Sun'iy intellekt bu mahsulotning ahamiyatini yanada kuchaytiradi. Smartfon bugunga nisbatan yaxshiroq yordamchiga aylanadi. Bugungi kunda smartfonsiz uydan chiqmasangiz-da, kelajakda siz unga butkul bog‘lanib qolasiz.
Ishlab chiqarish darajasi shiddat bilan yuqoriga ko‘tariladi va smartfonlarning o‘rnini hech nima bosa olmay qoladi.
Tushunaman, 90 kunlik davrlarga e'tibor beruvchi kishilar "Voy Xudoyim, smartfonlar sanoati 1 foizga ko‘tarilibdi yoki 6 foizga tushibdi", deyishadi. O‘zingiz yaxshi bilasiz, dunyo iqtisodiyoti hozir oson davrni boshdan o‘tkazmayapti. Agar siz uzoq muddatni ko‘zlab qarasangiz, smartfon bozori - Yer yuzidagi eng yaxshi bozor ekanligini ko‘rasiz".










