Andijonning Buloqboshi tumanidagi Do‘lan mahallasidagi so‘ritoklariga uzumlari bo‘ylagan oddiy o‘zbek xonadoni vakili g‘alabasiga butun yurt  ko‘z tikkan oqshom xonadon ahli bilan birga bo‘ldik.
Uchrashuv arafasida Hasanboyning otasi Ma'rufjon aka va onasi Dilnozaxon opalar nigohida g‘alati xavotirni ko‘rdim. Ular qalbida – Bugun Xasanboy g‘alaba qozonib, oltin medal olarmikan? degan savol emas, balki jigarbandini faqat g‘alaba kutayotgan O‘zbekiston ahlining ishonchini qozonishi haqidagi o‘y edi, bu. Bokschimizning ikkita ukasida esa boshqacha kayfiyat – Akam, albatta oltin medalni oladi,-deydi Islombek va Faryozbeklar.

Bahs boshlanishiga yaqin qolganida xonadon sahni mahalladagi yoru-birodarlar bilan to‘lib bo‘lgan edi. Xasanboyni ringga duo bilan kuzatib qoldilar.
Onaizor Dilnoza opa o‘g‘li Xasanboy ringga tushsa, televizor qarshisida o‘tira olmas ekan. Uni tushunish mumkin. Qaysi ona dilbandi kurashga tushganida unga berilgan zarbalarga nigoh tashlab o‘tira olardi... Bokschilar ringga ko‘tarilishi bilan opa boshqa xonaga chiqib ketdi. U oynai jahonni ko‘rmasada butun vujudi bilan Xasanboy bilan birga edi... 

 Bokschimizning yaqinlari bilan dasturxon atrofida davra qurib, final bahsini kutamiz. Tashqari hovlidagi televizor qarshisida mahalla-ko‘y to‘plangan. To‘g‘risi, o‘zbek o‘g‘loni final bahsini yengil o‘tkazgandek... Chunki, har tomonlama yuqori saviyadagi tayyorgarlikka ega atletimiz raqibidan barcha jabhalarda ustun edi. Mahalladoshlar uning har bir zarbasini qarsaklar bilan qarshi olishar, qarsaklar soni esa borgan sari ko‘payib bordi. Birinchi raunddan so‘ng baholar e'lon qilingach, hamma suyungan bo‘lsa, ikkinchi raunddan so‘ng barchamiz yengil tin oldik. Uzoq kutilgan oltin medalning isi endi aniq dimoqqa urardi. Hakam Mustaqil O‘zbekiston vakili bo‘lgan Xasanboyning qo‘lini yuqoriga ko‘targanida butun yurt insonlarining g‘ururi ko‘kka parvoz etdi, go‘yo...

Do‘lan mahallasi ko‘chalari tumandoshlar va Andijonning turli burchaklaridan tabriklash uchun kelgan mehmonlar bilan to‘lib ketgan. Tumonat odam – O‘zbekiston! O‘zbekiston!,-deya chempionni olqishlar, katta bayram boshlanib, bir zumda karnay-surnaych sadolari yangradi.