Lola Tillayeva ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining millat va oila haqidagi savollariga javob qaytardi. Bunda u o‘z ildizlarini - bobolari, buvilari va kindik qoni to‘kilgan maskanni yodga oldi.
"Men o‘zbekligimdan faxrlanaman. Men o‘z davrimning samarasi va o‘z millatimning mevasiman. Bu qanday millat deysizmi?
• Bu – Ikkinchi Jahon urushi davrida va undan so‘ng o‘nlab turli xil elat vakillariga boshpana berib, ularni tug‘ishgan jigarlaridek qabul qilgan xalq;
• Bu shunday millatki, u hech qachon o‘zga xalqlar vakillariga nisbatan irqchilik tuyg‘ularini his etmagan, ularga nisbatan hamisha bag‘rikeng munosabatda bo‘lgan. Bu millat vakillari oila qurayotib, o‘z manfaatlari emas, balki sevgi-muhabbat tuyg‘ulariga suyanganlar.
Shu borada men belorus buvim va asli farg‘onalik, millati o‘zbek bobomning murakkab bo‘lsa-da, ammo nihoyatda qiziqarli va mazmunli hayotlarini misol tariqasida keltirib o‘tmoqchiman. Hayotning barcha qiyinchiliklari, shular qatorida muhtojlik va qahatchilik yillarini boshdan kechirganliklariga qaramay, ular umr yo‘llaridagi eng muhim – bir-birlariga nisbatan bo‘lgan hurmat va muhabbat tuyg‘ularini saqlab qolganlar. Urush tugagach, oradan bir necha yil o‘tib, bobom buvimni va kichik qizaloqlarini (ya'ni, mening onamni) o‘zlari tug‘ilib o‘sgan Quvasoy shahriga olib kelganlar. Mening buvim esa keyinchalik o‘z onalari (ya'ni mening katta buvimni) hamda singillarini O‘zbekistonga olib kelganlar. Ular Vodiyda uzoq yillar umr kechirib, bobom Akbar qo‘yilgan mo‘min-musulmonlar qabristoni yaqinida joylashgan nasroniylar mozoriga dafn etilganlar. Bir-biriga juda yaqin bo‘lgan bu ikki qabriston bitta tepalikda joylashgan. Ushbu tepalikdan mening bolalik yillarim o‘tgan ko‘kalamzor Quvasoy shahrining chiroyli manzarasi namoyish bo‘ladi.
U yerda bobom va buvim hozir ham birgalar…
• Bu shunday millatki, u o‘zgalarga nisbatan hamisha hurmat bilan va do‘stona munosabatda bo‘lgan. Axir, asrlar osha Ipak Yo‘lida istiqomat qilib kelgan Men o‘zimni shu xalq avlodi deb bilaman.
Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Qo‘qon, Farg‘ona kabi ulug‘vor shaharlarni bunyod etgan va jahon sivilizatsiyasi ravnaqiga bebaho hissa qo‘shgan mutafakkirlarni in'om etgan millatdir.
• Bu shunday zaminki, uning farzandlari tafakkur erkinligi va ilmga talpinib, taraqqiyot sari intilib yashaganlar.
• Bu zaminda ilm egasi bo‘lmoqlik va olijanoblik azaldan eng asl hislatlar hisoblanib, ustozlarga nisbatan ota-onaga bo‘lgani kabi chuqur hurmat va e'tibor ko‘rsatilgan.




