11:14 / 15.08.2016
23222

Toshkentda yo‘lsozlar mas'uliyatsizligi oqibatida YTH sodir bo‘ldi

Suratlar: Facebook.com

Toshkent shahrining yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash maqsadida O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi arafasida keng qamrovli qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. 

Haydovchilar va piyodalarga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlardan biri Oqtepa maydonini Shota Rustaveli ko‘chasi bilan bog‘lovchi Muqimiy ko‘chasida davom etmoqda. 

Mobil muxbirning tashvish bildirishicha, yo‘lsozlar o‘z vazifalarini bajarayotganlarida “xo‘jako‘rsinga” usulida bajarib, vazifalariga mas'uliyatsizlik bilan yondashishmoqda.

Aynan ularning ta'mirlash ishlarini olib borish vaqtida ogohlantirish belgilarini qo‘ymasliklari, haydovchilarning ham jismoniy, ham moddiy zarar ko‘rishlariga olib kelmoqda. 

Xususan, 14 avgust kuni Bunyodkor prospekti bo‘ylab Milliy bog‘ metrosidan Chilonzor metrosi tomon harakatlanish vaqtida asosiy yo‘lda harakatlanayotgan Spark avtomashinasi jiddiy halokatga uchradi. Bunga Muqimiy va Bunyodkor shoh ko‘chasi chorrahasida yo‘lsozlar tomonidan tramvay izlari ko‘chirib olinayotganida kovlangan chuqurchalar sabab bo‘lgan. 

Haydovchi esa, yo‘l qurilish ishlari olib borilayotgani xususida ogohlantiruvchi belgilar bo‘lmagani sabab, ushbu chuqurlardan biriga tushib ketgan. Chuqurlar uzoqdan ko‘rinmagani sabab haydovchida yo‘ldagi xavf borasida shubha uyg‘otmaydi. O‘ra borligi yoki ta'mirlash ishi olib borilayotgani to‘g‘risidagi ogohlantiruvchi belgining yo‘qligi esa, haydovchining diqqatini birmuncha susaytirishi aniq.

Shunga ko‘ra, belgilangan 70km/soat tezlikdan oshmagan haydovchi ham bexosdan duch kelgan o‘raga tushib ketishi hech gap emas. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, mashina shunchalik jiddiy talofat ko‘rganki, uni qayta tiklashning imkoni bo‘lmasligi mumkin.

Haydovchini mashina ichidan chiqarib olish uchun yarim soat urinishgan va uni shifoxonaga yetkazishgan. 

Yo‘lsozlardan shahar ahli va mehmonlariga qulaylik yaratish maqsadida qilayotgan ishlariga yanada e'tiborliroq va mas'uliyat bilan yondashishlari so‘rab qolinadi.

Top