15:07 / 15.08.2016
7222

Toshkent shahrida issiqlik ta'minoti tizimlarini ta'mirlash ishlari olib borilmoqda

Toshkent shahrida issiqlik ta'minoti tizimlarini ta'mirlash va modernizatsiya qilish ishlari davom ettirilmoqda. Issiqlik energiyasi sarfini tejash maqsadida eskirgan issiqlik tarmoqlari almashtirilib, qozon va nasos uskunalari ta'mirlanmoqda

O‘zbekiston poytaxtida markaziy issiqlik ta'minoti tizimiga ulangan 13 mingdan ziyod bino mavjud. O‘zbekiston prezidentining 2016 yil 10 iyundagi Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohalarni 2016-2017 yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga kompleks tayyorlashni ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarori ijrosi doirasida hozirgi kunda isitish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish ishlari qizg‘in bormoqda. 

«Toshissiqquvati» unitar korxonasi ishlab chiqarish birlashmasidan ma'lum qilishlaricha, shahar issiqlik ta'minoti tarmoqlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlarini nazorat qilish tizimi takomillashtirilmoqda. Joriy yilda barcha issiqlik tarqatish markazlari, mahalliy qozonxona va issiqlik tarmoqlari uskunalari holati o‘rganib chiqildi. Olingan ma'lumotlar asosida issiqlik ta'minoti tizimlaridan foydalanish samaradorligini oshirish va ularni modernizatsiya qilishga qaratilgan tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. 

Bu borada mahalliy qozonxonalar faoliyatiga alohida e'tibor qaratilgan. Chunki poytaxtimizdagi bir necha tumanlarning issiqlik ta'minoti aynan mahalliy qozonxonalar faoliyatiga bog‘liqdir. Bunda mahalliy qozonxonalardagi eski isitish qozonlarini resurs tejaydigan zamonaviy uskunalarga almashtirish ustuvor vazifa etib belgilangan. Ayni paytda oltita qozon yangisiga almashtirilib, 10 qozon kapital ta'mirlandi, 379 qozonxonada joriy ta'mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. 

Issiqlik energiyasini tashishda uning sarfini kamaytirish maqsadida 23,1 kilometrlik issiqlik tarmoqlari qayta yotqizildi. Bundan tashqari, 387,2 kilometrlik issiqlik tarmoqlari kanali kapital ta'mirlandi, 80,5 kilometrlik havo issiqlik tarmog‘i quvurlarining issiqlik izolyatsiyasi qayta tiklandi, 4 nasos stansiyasida kapital ta'mirlash ishlari yakunlandi. 

Energiya va resurs tejash maqsadida Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor, Olmazor va Yunusobod tumanlarida ko‘p qavatli turar joylar, ta'lim va maktabgacha ta'lim muassasalari, sport va ijtimoiy obektlar ulangan mahalliy kichik qozonxonalarni qurish ishlari davom ettirilmoqda. Binolarni isitadigan yagona issiqlik kompleksi bo‘lgan ushbu qozonxonalar bevosita isitiladigan obektlar yaqiniga joylashtirilmoqda. 

Suv isitadigan barcha asosiy uskunalar mamlakatimizda ishlab chiqarilgan. Zamonaviy energiya va resurs tejaydigan qozonlar suv haroratini belgilash va boshqarish, ob-havo o‘zgarishiga qarab uni o‘zgartirish imkonini beradigan aniq o‘lchov moslamalari bilan ta'minlangan. Bu issiqlik energiyasini ishlab chiqarish va uzatishda sarflanadigan gaz, elektr energiyasi va suvni tejashga xizmat qilmoqda. 

«Toshissiqquvati» unitar korxonasi ishlab chiqarish birlashmasining tuman boshqarmalari tomonidan issiqlik tarmoqlaridagi nosozliklarni bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Avariya-qutqaruv brigadalarining moddiy-texnik bazasini yaxshilash, ularni zamonaviy uskunalar, material va texnika bilan ta'minlash muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Har bir tumanda nosozliklarni tezkor bartaraf etish uchun barcha zarur uskunalar bilan ta'minlangan va kunu tun ishlaydigan avariya-qayta tiklash brigadalari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, issiqlik tarmoqlaridagi nosozliklarni aniqlash va bartaraf etish, qidiruv vaqtini qisqartirish maqsadida issiqlik sirqib ketish joylarini aniqlaydigan ko‘chma laboratoriya ishlamoqda. 

Kommunal xizmatlar ko‘rsatish sifatini yaxshilash aholi farovonligini yuksaltirishning muhim jihatlaridan biridir. Poytaxtimiz issiqlik ta'minoti tizimini moderniztsiya qilish va uning samaradorligini oshirish shunday ezgu maqsadga qaratilgan.

Top