21:33 / 17.08.2016
9404

YTHlar sonini kamaytirish uchun piyodalarga ham jarima solinadi

O‘zbekistonda huquqiy jamiyatni barpo etish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish yo‘lida tinimsiz izlanish va islohotlar olib borilmoqda. Ularning huquq va erkinliklarini ta'minlash barobarida majburiyatlari xususida ham qator qonun hujjatlari qabul qilinayapti. Shu yilning 1-martidan boshlab amaliyotga tatbiq etilgan, Respublika yo‘l harakati qoidalarining yangi tahriri ham shular jumlasidandir.  

Oliy Majlis Senatining navbatdagi sessiyasi e'tiboriga kiritilayotgan qonun loyihalardan biri, yuqoridagi qoidalardan kelib chiqqan holda, fuqarolarning ma'muriy javobgarligiga oid Qonunlar to‘plamiga o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutadi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Aliya Yunusova Oliy Majlis Senatining VI sessiyasi muhokamasiga kiritilayotgan qonun hujjatlariga bergan sharhi Norma.uz saytida e'lon qilingan. 

Shunday qilib, Oliy Majlis Senati VI sessiyasi muhokamasiga kiritilayotgan hujjatlardan biri Qonunchilik palatasida tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi ma'muriy javobgarlik Kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasidir.
 
Ma'lumki, Vazirlar Mahkamasining «Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida»gi qarori bilan yangi tahrirdagi yo‘l harakati qoidalari tasdiqlandi. 

Unga ko‘ra:
 
-mototransport vositalarini boshqarib borayotgan shaxs maxsus bosh kiyimida bo‘lishi shart;
 
- tun vaqtida transport vositasini tuzatish uchun mashinadan tushuvchi haydovchi yorug‘lik qaytargichli nimchada bo‘lishi kerak;
 
- yo‘lning qatnov qismini kesib o‘tayotgan piyoda, o‘z diqqatini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan telefondan foydalanishi, mutoalaa qilishi, radio yoki audiomahsulotlarni tinglashi, boshqa turdagi elektron vositalardan foydalanishi taqiqlanadi.
 
Tahlillarning ko‘rsatishicha, yo‘l-transport hodisalarining 54 foizi piyodalar ishtirokida sodir bo‘ladi. Buning asosiy sabablari – piyodalarning yo‘l belgilari, chiziqlarining talabiga bo‘ysunmasligi, ruxsat berilmagan qatnov qismidan kesib o‘tishlari, e'tiborsizlik va xavfsizlik choralariga diqqat qilmasliklari hisoblanadi. 2014-yilda transport vositalarining piyodalarni urib ketishi bilan bog‘liq 506ta hodisada qonunbuzarlik piyoda tomonidan sodir etilgani bo‘yicha xulosa qilingan. Ularda 100dan ortiq kishi hayotdan ko‘z yumgan, 431 nafar inson jabrlangan. 2015-yilda ham shunga o‘xshash holatni kuzatish mumkin. Fuqarolar orasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish choralari ko‘rilayotgan bugungi kunda, «avtomobil haydovchisi har doim nohaq, degan tushunchaga barham berish vaqti keldi». Axir, har kim o‘z qilmishiga yarasha jazo olishini ta'minlash, huquqiy davlatning asosiy jihatlaridan biri ekani kundek ravshan. 
 
Olib borilgan kuzatishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, fuqarolar, ayniqsa, yosh avlodning yo‘lda yurgan vaqtlarida telefon, kompyuter, audio-video texnika vositalaridan foydalanishi yo‘l harakati, inson hayoti va sog‘lig‘iga xavf soluvchi oddiy holga aylanib bormoqda.
 
Parlamentning Quyi palatasi deputatlaridan bir guruhi yangi tahrirdagi yo‘l harakati qoidalarini e'tiborga olgan holda, «O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik Kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqishgan. 

Unga muvofiq, yangi tahrirdagi yo‘l harakati qoidalari talablariga bo‘ysinmagan yo‘l harakatining har qanday ishtirokchisiga ma'muriy jazo tayinlash orqali ta'sir ko‘rsatish choralarini qo‘llash belgilangan. Endilikda, piyodalarga ham o‘z majburiyatlarini bajarmaganliklari uchun ma'muriy jazo tayinlanishi mumkin bo‘ladi. 
 
Bunday me'yorlarning amaliyotga tatbiq etilishi, yo‘l harakati ishtirokchilarining mas'uliyatini oshirish, yo‘llardagi qoidabuzarliklarning oldini olishga xizmat qilishi barobarida YTHlarining soni va jiddiyligini keskin kamaytirishga imkon beradi.

Top