00:19 / 17.08.2016
4392

AQShning Luiziana shtatidagi toshqinlarda 8 kishi halok bo‘ldi

Foto: © EPA

AQShning Luiziana shtatidagi toshqinlarda halok bo‘lganlar soni 8 kishiga yetdi. Bu haqda Associated Press axborot agentligi ma'lum qildi. 

Avvalroq 6 kishi halok bo‘lgani ma'lum qilingandi. Shtatning sog‘liqni saqlash departamenti vakili Samanta Folknerning aytishicha, yana ikki jasad Ist-Baton-Ruj okrugida suvdan chiqarib olingan.
Folknerning aytishicha, toshqin hududidan evakuatsiya qilingan odamlar soni 20 mingdan oshib ketgan. 11 mingga yaqin odam maxsus boshpanalarga joylashtirilgan. Tabiiy ofat oqibatida asosan shiddatli oqim girdobida qolib ketib, o‘z mashinalaridan chiqa olmagan haydovchilar halok bo‘lgan. 

Shtat gubernatori Jon Edvards 12 avgustda favqulodda vaziyat tartibini kiritdi, u 10 sentabrgacha davom etadi.
Toshqinlar AQSh janubida o‘tgan hafta o‘rtalaridan beri to‘xtamayotgan jalalar oqibatida yuz bergan. Shtatdagi ko‘pchilik daryolar o‘zanlaridan chiqib ketgan. Ko‘pchilik aholi punktlarida ko‘chalar, uylar va do‘konlarning pastki qavatlari, transport vositalari tomigacha suv ostida qolgan. 

Mahalliy hukumat o‘z ixtiyorida bo‘lgan barcha suzish vositalarini safarbar qilgan va to‘xtovsiz kelayotgan suv yo‘lida g‘ovlar barpo etmoqda.

Top