15:28 / 18.08.2016
10497

KXDR Amerikaning Tinch okeanidagi bazalari taqdiriga oid fikrlarini bildirdi

KXDR TIVning bayonot berishicha, Koreya yarim orolidagi holat "tobora qaltis tus olmoqda"; agar AQSh "o‘ylamay qadam tashlash"ga jur'at etsa, Pxenyan Amerikaning Tinch okeani mintaqasidagi barcha harbiy bazalarining kulini ko‘kka sovuradi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti agentligi. 

"Mabodo AQSh, bizning strategik maqomimizni yaxshi anglamagan holda, o‘ylamay qadam tashlasa, Amerikaning Tinch okeani mintaqasidagi barcha operativ bazalari, xususan Guamdagi bazasi armiyamizning keng qamrovli hujumiga dosh berolmaydi", — deyiladi hujjatda. 

Diplomatlar AQSh avgust oyida Guam orolidagi "Anderson" harbiy-havo kuchlari bazasiga B-1B  va B-2B strategik bombardimonchi samolyotlarni safarbar etganini xotirlashgan. Bu bazada allaqachon B-52H bombardimonchi samolyotlari mavjud. 

Shimoliy Koreya diplomatlarining so‘zlariga ko‘ra, "AQSh tinimsiz ravishda Koreya yarim oroli va unga yaqin mintaqalarga atom aviatashuvchilari, yadro quroliga ega suvosti kemalari va boshqa strategik qurol-aslahalarini yubormoqda. Yaqinda, Janubiy Koreyada raketa hujumlariga qarshi THAAD tizimini joylashtirishini ham ma'lum qildi".

Rasmiy Pxenyanning ishonch bildirishicha, bombardimonchi samolyotlarning Guamga keltirilishi "AQShning KXDRga yadro zarbasi berish bo‘yicha rejasi xavfli va amaliy bosqichga kirganini anglatadi".

Mavzuga oid
Top