20:55 / 20.08.2016
7985

Turkiya bosh vaziri: Turkiya kurdlar bilan tinchlik bo‘yicha muzokaralar olib bormaydi

Foto: © AFP

Turkiya bosh vaziri Binali Yildirim kurd isyonchilari bilan tinchlik haqida muzokaralar o‘tkazilishi imkoniyatini istisno qildi, deb xabar bermoqda Assoshieyted Press axborot agentligi. 

"Hech qanday tinchlik jarayoni bo‘lmaydi. Biz terrorchilik tashkiloti bilan suhbatlashmaymiz", deb aytdi Yildirim Turkiyaning sharqida 18 avgustda yuz bergan bir necha portlashlardan keyin. 

18 avgustda Elyazig va Van shaharlaridagi politsiya bo‘limlari yonida portlashlar yuz bergan. Elyazigda 5 kishi, Vanda esa 3 kishi halok bo‘lgan. Ikkala teraktda jarohatlanganlar soni 290 kishidan oshib ketgan. O‘sha kuni yana bir portlash Xizan shahri yaqinida sodir etilgan. Bu yerda harbiy avtokolonna o‘tib ketayotganda bomba portlatilgan. Besh harbiy halok bo‘lgan, 4 nafari yaralangan.

Elyazigdagi portlash uchun javobgarlikni Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchi partiyasi (KIP) o‘z zimmasiga olgan. Hukumatning fikricha, qolgan portlashlar ham ortida muxolif Fathulla Gulen tashkiloti turgan KIP tomonidan amalga oshirilgan.

Turkiya hukumati va KIP o‘rtasidagi yarashuv jarayoni 2015 yilda barbod bo‘lgan. 2015 yil iyulda qayta boshlangan qurolli ixtilof oqibatida shu kungacha 600 dan ko‘proq turk harbiysi va politsiyachisi halok bo‘lgan. Turkiya bosh shtabining ma'lum qilishicha, shu davr ichida 5 mingga yaqin kurd jangchisi yo‘q qilingan.   

 

Top