O‘zbekiston | 18:41 / 22.08.2016
7532
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda avtomobillarga gaz to‘ldirishga mo‘ljallangan 475 kompressor stansiyasi faoliyat ko‘rsatayotganligi qayd etildi

Milliy matbuot markazida «O‘ztransgaz» aksiyadorlik kompaniyasida amalga oshirilgan islohotlar va erishilgan natijalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda. 

Aholini suyultirilgan gaz bilan ta'minlashda Qashqadaryo va Buxoro viloyatlaridagi gazni qayta ishlash zavodlari faoliyati muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

O‘zbekistonda avtomobillarga gaz to‘ldirishga mo‘ljallangan 475 kompressor stansiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. 2020 yilga borib ularning sonini 809 taga yetkazish rejalashtirilgan. 

Davlat rahbarining 2012 yil 21 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasining 2013 yilgi investitsiya dasturi to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, kompaniya tomonidan tabiiy gaz iste'molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini amaliyotga joriy etishga kirishildi. Loyiha dastlab poytaxtning Yunusobod va Toshkent viloyatining Qibray tumanlarida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, iste'molchilarga  108 ming 615 dona hisoblagich o‘rnatiladi.

2015 yilning iyun oyidan gaz ta'minoti va iste'moli bo‘yicha ma'lumotlarni onlayn rejimda olish imkoniyatini taqdim etadigan veb-portal ishga tushirildi. Hozirgi paytgacha tizimdan 500 ming foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tib, o‘z shaxsiy kabinetini ochgan. Aholiga gaz berilishini nazorat qilish hamda hisob-kitoblarni yurituvchi «L Gas»,  «Fossa» dasturlari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy qilingan.

Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga mutaxassislar javob qaytardi.

 

Mavzuga oid