Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘lida yuk poyezdlari harakatlanmoqda
11 iyuldan boshlab yangi «Angren-Pop» temir yo‘l tarmog‘i bo‘ylab yuk poyezdlari harakati amalga oshirilmoqda. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» axborot xizmati xabar qildi.
Mazkur yo‘nalish bo‘ylab kuniga 10 dan ziyod turli yuklar ortilgan tarkiblar harakatlanishi yo‘lga qo‘yilgan. Yaqin vaqtlar ichida ularning soni 20taga yetkazilishi kutilmoqda.
«Bugungi kunda mamlakatning boshqa hududlaridan Farg‘ona vodiysiga va teskari yo‘nalishga yuklarni yetkazib berish uchun barcha zarur qulayliklar yaratilgan», — deya qayd etilgan matbuot xizmati xabarida.
Yangi yo‘l bo‘ylab asosan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatiga neft va neft mahsulotlari, kimyoviy va mineral o‘g‘itlar, Navoiy viloyatidan esa Farg‘onadagi «Quvasoykvars» korxonasiga kvars qumi yetkazilmoqda.
Bundan tashqari, refrijyerator vagonlar O‘zbekiston bozori uchun meva-sabzavot mahsulotlarini tashimoqda. Shuningdek, bu mahsulotlar sovutgich vagonlarda eksportga yuborish uchun tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.