Sport | 17:05 / 23.08.2016
7195
2 daqiqa o‘qiladi

CAS rossiyalik sportchilar Riodagi Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etishiga ruxsat bermadi

Sport arbitraj sudi (CAS) rossiyalik sportchilarning 7-18 sentabr kunlari Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etishiga ruxsat bermadi.

CAS sportchilarni o‘yinlardan chetlashtirgan Xalqaro paralimpiya qo‘mitasining qaroriga nisbatan Rossiyaning apellyatsiyasini rad etdi.

Avvalroq Xalqaro paralimpiya qo‘mitasi rossiyalik imkoniyati cheklangan sportchilarni xalqaro musobaqalardan chetlatishga qaror qabul qilib bo‘lgandi. 

Butunjahon aksildoping agentliginining (WADA) Richard Maklaren boshchiligidagi mustaqil komissiyasi 18 iyul kuni Rossiyada davlat miqyosida faoliyat yuritgan doping tizimi haqida bayonot bergandi. Hisobotda xususan, 2012-2015 yillarda rossiyalik paralimpiyachilarning 35ta ijobiy tekshiruv natijalari izsiz g‘oyib bo‘lgani qayd etilgandi.

Shundan so‘ng WADA Xalqaro paralimpiya qo‘mitasiga (IPS) rossiyalik sportchilarni Paralimpiya o‘yinlaridan chetlatishni tavsiya etgandi. IPS 7 avgust kuni agentlik tavsiyasini bajardi. Keyinchalik Rossiya paralimpiya qo‘mitasi sport arbitraj sudiga (CAS) shikoyat bilan murojaat qilgandi.

CAS mojaroga aloqador har ikki tomonning fikrini tingladi. Avvaliga Sport arbitraj sudi rossiyaliklarni apellyatsiyasini qondirishi kutilayotgandi. Ammo hakamlar Xalqaro paralimpiya qo‘mitasining dalil-isbotini asosliroq deb hisobladi.

Rossiyada xalqaro paralimpiya qo‘mitasi qarorini noinsoniylik, pastkashlik deb atashmoqda. Milliy paralimpiya qo‘mitasining ma'lumotiga ko‘ra, Maklarenning hisobotida nomlari tilga olingan sportchilarning birortasi ham Paralimpiya-2016da qatnashadigan terma jamoa tarkibiga kiritilmagandi.

Mavzuga oid