O‘zbekistonda Mustaqillik kuni arafasida jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligi va yong‘in xavfsizligini ta'minlash hamda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha choralar kuchaytiriladi. Bu haqda ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Tursunpo‘lat Toshpo‘latov O‘zAga bergan intervyusida ma'lum qildi.
«Tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida vazirlikning huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurash, patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash, yong‘in, yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmalari, xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi, „Qo‘riqlash“ birlashmasi va boshqa xizmatlarning xodimlari tomonidan tegishli tashkiliy profilaktik ishlar bajarilmoqda», — dedi vazir o‘rinbosari.
«Mamlakatimizning har bir go‘shasi, ayniqsa, bayram tadbirlari o‘tkaziladigan joylar soha xodimlarining alohida e'tiborida. Xavfsizlikni ta'minlash yuzasidan maxsus reydlar o‘tkazilayotir. Bu jarayonda mahalliy hokimliklar, jamoat tashkilotlari vakillari, xususan, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari faol ishtirok etmoqda. Tadbirlar davomida aniqlanayotgan kamchiliklar, huquqbuzarliklar o‘z vaqtida bartaraf etilayotir», — qayd etdi u.
Tursunpo‘lat Toshpo‘latovning ta'kidlashicha, bayram oldidan barcha tuman, shahar, mahalla va ovullarda ichki ishlar organlari xodimlari va «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi vakillaridan iborat guruhlar tashkil etildi. Ular aholi tinchligini saqlashga oid zarur choralarni ko‘rish bilan birga jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jinoyat sodir etishga moyil shaxslarni aniqlash va ularga jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda profilaktik ta'sir ko‘rsatishga oid vazifalarni samarali ado etmoqda.
Patrul-post va jamoat tartibini saqlash xizmati tomonidan aholi gavjum joylarda fuqarolar xavfsizligini ta'minlash, shubhali shaxslar aniqlanganda ularga nisbatan tegishli chora ko‘rish, jamoat tartibini buzish holatlari uchraganda uni darhol bartaraf etish choralari yanada kuchaytirilgan. Bayramoldi chora-tadbirlari davomida 8 mingga yaqin huquqbuzarlik aniqlanib, joyida bartaraf etildi.
«Shahar va qishloqlarimizning sanitariya holati, ko‘chalarning yoritilishi bilan bog‘liq holatlar ham soha xodimlarining e'tiboridan chetda qolgani yo‘q. Bu borada uchragan kamchiliklar yuzasidan obodonlashtirish va elektr tarmoqlari korxonalariga olti yuzga yaqin taqdimnoma kiritildi. Natijada kamchiliklar bartaraf etilib, aholiga qulayliklar yaratildi», — IIV rahbarining birinchi o‘rinbosari so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda O‘zA.

















