11:48 / 24.08.2016
35574

Dunyoning eng xavfli yo‘llari o‘ntaligi

Avtomobilda sayohat qiluvchilar keskin xavfli burilishlar, chalkashib ketgan aylanma yo‘llar, xavfli vaziyatlar va turli xil holatlarga duch kelgan bo‘lishi aniq. Biroq, mohir haydovchilar ham quyidagi eng murakkab yo‘llar 10taligining biridan o‘tishlariga to‘g‘ri kelsa, birmuncha xavotirlanishlari turgan gap. Shu bilan birga, bu yo‘llardan o‘tishdan tap tortmaydigan jasur haydovchilarni, yo‘laklarning torligi, aylanmali pastga tushishlar barobarida kallakesarlar ham kutib turishlari mumkin. 

1.  Old Yungas Roud, Boliviya

La-Pas va Koroyko shaharlarini bog‘lovchi yo‘lning 65-kmlik bo‘lagi qoyatoshlar yonginasidan o‘tadi. Bu yerda, soatiga 15 km tezlikdan tezroq harakatlangan haydovchini uchratish noyob hodisa. Shunga qaramay, yiliga avtomobillarning pastga qulashi oqibatida kamida 200 kishi hayotdan ko‘z yumadi. 

2.  Shosse Karnali, Nepal

Nepalning Karnali nomli «shosse»sida (shosse deyish mumkin bo‘lsa, albatta) Boliviyadagidan 4 baravar kamroq inson hayotdan ko‘z yumadi. Balki bunga, yo‘llardagi avtomobillar qatnovining zich emasligi sababdir. Axir o‘ylab ko‘ring, 250-kilometrlik yo‘lning har bir tepaga ko‘tarilishi pastga qulash tahdidi bilan yonma-yon turadi. 

3.  Atlantik Roud, Norvegiya

Umuman, Norvegiyaning Kristiansunn va Molde shaharlari oralig‘idagi 8 kmlik yo‘l ajoyib manzarasi bilan ajralib turadi. Biroq, ikki shahar o‘rtasida qatnayotgan haydovchi dengiz bo‘roni vaqtida suv ostida qoluvchi 8ta ko‘prikni ortda qoldirishi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, yon tomondan esadigan kuchli shamolga mohirona chap berishni ham unutmaslik darkor. 

4.  Vitim ko‘prigi, Rossiya

 

Aytish mumkinki, bu ko‘prikdan o‘tishga jur'at etgan haydovchi, daryoning narigi sohiliga o‘tgunicha o‘ta sovuqqonligini namoyish etishi lozim. Shu bilan birga juda dovyurak bo‘lish ham talab etiladi. Axir, ko‘prik to‘sinlariga bo‘lgan ishonch naqadar zaif bo‘lsa, uning eni ham shunchalik xavf tug‘diradi. 

5.  Guolyan tog‘ tunneli, Xitoy

Guolyan so‘zi xitoychadan tarjima qilinganda «xatoni kechirmaydigan yo‘l» ma'nosini anglatadi. Qoyalardagi 30dan ortiq o‘ziga xos «darcha»lar, bir paytlar mahalliy aholi tomonidan sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida o‘yilgan. Axir bu yerda avtomobilda harakatlanish juda xavfli ekanini suratdan ham ilg‘ash qiyin emas. 

6.  Jyeyms Dalton shossesi, Alyaska

Alyaskaning neft konlariga ega bo‘lgan ushbu hududi bilan yaqin oradagi yirik aholi punktigacha bo‘lgan masofa 666 kmni tashkil etadi. Ha, uzoq masofaga qatnovchi haydovchilar Jyeyms Dalton shossesida oz emas, ko‘p emas, aynan shuncha kilometrni ortda qoldirishlari kerak bo‘ladi. Qishki mavsumda esa, u haqiqiy muz maydoniga aylanadi-qoladi. 

7.  Birdamlik Avenyusi, Filippin

Ushbu 12 kmlik yo‘lning eng katta ofati shundaki, uning yo‘laklari soni 18taga yetgani bilan, drenaj tizimining noto‘g‘ri joylashtirilgani bois, umuman tushunarsiz holat vujudga kelgan. Bundan tashqari, yomg‘ir vaqtida keng yo‘l suv ostida qolishi haydovchilar uchun haqiqiy bosh og‘rig‘iga aylanadi. Shu bilan birga, bu yo‘lda yiliga bir necha ming kishining o‘lishiga, tirbandlikni ham sabab qilib keltirish mumkin. Unda, velosipedda ketayotganni, piyoda yoki mototsiklni ko‘rmay qolish hech gap emas. 

8.  Nanga Parbat Pass, Pokiston

 

Pokiston tog‘larining dengiz sathidan 3 km balandlikdan o‘tuvchi 16 kilometrlik yo‘lida avtomobilni boshqarish haqiqiy dahshatning o‘zginasi, deyish mubolag‘a bo‘lmaydi. Nanga Parbat Pass yo‘lining juda torligi bilan birga, yo‘l chetiga hech qanday to‘siq qo‘yilmagani u yoqda tursin, shag‘alli yo‘ldagi har bir burilish juda xavfli tus oladi. 

9.  Stelvio dovoni, Italiya

Italiyaning ushbu dovonidan qishki mavsumda o‘tish haydovchidan juda katta mohirlikni talab qilishi tayin. 2,7 kmlik balandlikda o‘tuvchi yo‘lda 180-darajali burilishni yaxshigina qiya yo‘lda amalga oshirish lozim. Buning ustiga yo‘lda muz qoplamasi bo‘lsa, haydovchi mashina bilan pastga sho‘ng‘ishi uchun ko‘p ham urinishi shart emas. 

10.  Kobul-Jalolobod shossesi, Afg‘oniston

«O‘lim vodiysi»dan o‘tuvchi yo‘l ayniqsa xorijlik haydovchilar uchun oson bo‘lmasligi va ularni xursand qilmasligi aniq. Gap shundaki, bu yerda tish-tirnog‘igacha qurollangan tolibon jangarilarning katta guruhi faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, tog‘ yo‘llariga hamma ham dosh bera olmaydi.

Top