12:36 / 29.08.2016
16208

Sport bilan shug‘ullanuvchi eng yoshi ulug‘ insonlar

Yugurish, suzish, yoga, raqs va hattoki krossfit – bularning barchasi bilan istagan yoshingizda shug‘ullanishingiz mumkin, buning uchun o‘ylab topilgan cheklovlarni xayolingizdan chiqarib tashlasangiz, bas. Quyida e'tiboringizga havola qilinadigan hikoyalar – bunga yaqqol misol bo‘la oladi. 

Shirli Uebb 78 yoshida 100 kilogrammdan ortiq tosh ko‘taradi

Ikki yil avval illinoyslik Shirli Uebb nevarasi bilan birga sport zaliga qatnay boshladi. O‘sha paytda uning poldan turishi uchun stul yoki biror bir tayanch kerak bo‘lgan. Zinadan esa faqat suyanchiqni ushlab chiqqan. Ikki yil o‘tib esa, Uebb bu ikki ishni ham  muvaffaqiyatli bajarayotgani haqida g‘urur bilan so‘zlamoqda. Bularning barchasi og‘ir atletika bo‘yicha murabbiy Jon Rayt tufaylidir, uning shu paytgacha bunday yoshdagi shogirdlari bo‘lmagan. Shirlining 90 kilogrammli shtangani ko‘tarishi uchun yarim yil vaqt kerak bo‘ldi. 

Ayda Xerbert 76 yoshida yoga bo‘yicha instruktorga aylandi

Ayda Xerbert 60-yillarda yoga haqida eshitib qoladi. U paytlar 50 yoshli ayol Torontoda istiqomat qilgan, maktabda kotiba bo‘lib ishlagan va muntazam ravishda “o‘zi yoqtirmagan aerobika mashqlari”ni bajargan. Bir kuni ertalab Ayda sport zalida “asana”ni bajarayotgan ayolga ko‘zi tushadi. Bu tashqaridan juda noodatiy ko‘rinadi, shu sabab Xerbert unga qiziqib qoladi. U yoga bilan shug‘ullana boshladi, shuning barobarida bu mavzudagi adabiyotlarni o‘rganishga kirishadi. Nafaqaga chiqqandan so‘ng Xerbertlar juftligi qish mavsumini Floridada o‘tkaza boshlaydi va o‘sha yerda Ayda murabbiylik bilan shug‘ullanadi. Ayol o‘zi sevgan mashqlarni boshqa xohlovchilarga bepul o‘rgatadi. Keyinchalik Ayda yoga bo‘yicha instruktor sertifikatini qo‘lga kiritadi. 2012 yilning kuz oylarida 96 yoshli Ayda Xerbert yoga bo‘yicha eng yoshi ulug‘ instruktor sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi.  

Rober Marshan 67 yoshida velosportga qaytdi

Rober Marshan — 35 yoshida (1946 yil) Grand Prix des Nations’da yettinchi o‘rinni egallagan fransuz velopoygachisi. U sportga 1978 yilda qaytdi va shu kunlarga qadar buni kanda qilmaydi. 2012 yilning fevral oyida Rober Marshan “100+” yosh tasnifida jahon rekordini o‘rnatdi: u bir soatda 24 250 metrlik masofani bosib o‘tdi. 2014 yilda 102 yoshli sportchi o‘z natijalarini 26 927 metrga yangiladi.

Jyeffri Layf 59 yoshida sport bilan shug‘ullana boshlagan

Jyeffri Layf 1997 yilda ortiqcha vaznga ega, sog‘lig‘i tobora yomonlashib borayotgan 59 yoshli oilaviy shifokor bo‘lgan. Poyafzal bog‘ichlarini bog‘lash u uchun muammoga aylangandi, nafas olishi og‘irlashib, qorni kattalashib borardi, mushak va bo‘g‘imlari og‘riqdan azob chekardi. Kunlardan bir kun Layf fitnes jurnalida Body-for-LIFE tanlovi g‘olibi haqidagi maqolani o‘qib qoladi va o‘z tanasi bilan shug‘ullanadigan vaqt kelganini anglab yetadi. To‘g‘ri parhez va jismoniy mashqlar tufayli Jyeffri 60 yoshida xuddi o‘sha Body-for-LIFE tanlovining chempioniga aylanadi. Hozir Jyeffri 77 yoshda, shunga qaramay, u jismoniy jihatdan aynan yetuk pallada. U haftada besh marta sport zaliga boradi, sog‘lom turmush tarziga oid uchta kitob yozdi va shifokorlik amaliyoti bilan shug‘ullanishda davom etmoqda. 2012 yilda u Men’s Fitness jurnaliga ko‘ra, sport bilan shug‘ullanuvchi dunyoning eng ko‘rkam 25 erkagi ro‘yxatidan o‘rin olgan. 

Patrisiya Fuji 84 yoshida yugurishda davom etmoqda

Agar “yugurish uchun endi kech” deb hisoblasangiz, Patrisiya Fujiga bir qarang! U 66 yoshida yugurish bilan shug‘ullana boshladi. Hattoki 2008 yilda unga qo‘yilgan sut bezlari saratoni tashxisi ham Patrisiyani to‘xtata olmadi. U “50+” yosh tasnifidagi 50, 100 va 200 metrli masofaga yugurish bo‘yicha Senior Olympics musobaqalarida bugungi kungacha ishtirok etib kelmoqda.

Insonga ilhom bag‘ishlovchi misollar juda ko‘p. Asosiysi – o‘zingizni muddati cheklangan buyumdek his qilishni bas qiling va bunday xayollarga yo‘l qo‘ymang. Sizning yoshingizda sport bilan shug‘ullanish mumkin emas, deb kim aytdi? Shug‘ullanish mumkin. Shunday ekan, sog‘lom hayot tarzi tomon olg‘a!

Top