17:16 / 30.08.2016
25741

Mustaqillik bayrami munosabati bilan Islom Karimov nomiga xorijiy davlatlar rahbarlaridan qutlovlar kelmoqda

O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston respublikasi prezidenti Islom Karimov nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlaridan samimiy qutlovlar kelmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi ma'lum qilgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Barak Obamaning tabrigida shunday deyiladi: «1 sentabrda nishonlanadigan O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari xalqi nomidan Sizga va O‘zbekiston xalqiga qizg‘in tabriklarimni yo‘llayman. Mamlakatingiz bu tarixiy sanani bayram qilayotgan shu kunlarda biz O‘zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimo qo‘llab-quvvatlashimizni yana bir bor ta'kidlaymiz. Amerika Qo‘shma Shtatlari 1991 yilning 25 dekabrida birinchilardan bo‘lib O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan paytdan boshlab mamlakatlarimiz o‘rtasida mustahkam sheriklik munosabatlari o‘rnatilgan. Mamlakatlarimizning yanada xavfsiz, farovon va demokratik kelajak yo‘lidagi hamkorligi uzoq yillar davom etishiga ishonaman. 
Amerika Qo‘shma Shtatlari xalqi Sizni mustaqil O‘zbekiston tarixidagi ushbu muhim sana bilan muborakbod etadi».

«Prezident Janobi Oliylari!

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan Xitoy xalqi va shaxsan o‘zim nomimdan Siz va do‘st O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklarim va qizg‘in tilaklarimni izhor etaman. 

Mustaqillikning 25 yili davomida janob Prezident rahnamoligida O‘zbekistonda siyosiy barqarorlik va jadal iqtisodiy taraqqiyot saqlanib, mamlakatning xalqaro nufuzi salmoqli darajada yuksaldi, davlat qurilishi sohasida yorqin muvaffaqiyatlarga erishilmoqda. Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, janob Prezident tomonidan ishlab chiqilgan taraqqiyotning «o‘zbek modeli» mamlakatdagi real voqeliklarga mos keladi va ulkan hayotiy kuchga egadir. 

So‘nggi yillarda Xitoy – O‘zbekiston munosabatlarida yaxshi rivojlanish tendensiyalari saqlanib turibdi va yangi strategik darajaga erishildi. Xitoy va O‘zbekiston aloqalari rivojlanib borayotgani va o‘rtamizdagi samimiy do‘stlikni yuksak qadrlayman. Xitoy – O‘zbekiston munosabatlarida yuksak samaralarga erishish va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida keng ko‘lamli strategik sheriklikni izchil rivojlantirish uchun Siz bilan doimo barcha sa'y-harakatlarni qilishga tayyorman. 

Mamlakatingizga ravnaq va yuksak salohiyat, xalqingizga baxt-saodat va farovonlik tilayman. 

Prezident Janobi Oliylari, Sizga mustahkam sog‘lik va ishlaringizda muvaffaqiyat tilab qolaman», deyilgan Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Tszinpinning tabrigida.

Shuningdek, quyidagilar o‘z tabriklarini yo‘llashgan: 

Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti – Yoaxim Gauk 

Polsha Respublikasi Prezidenti – Andjyey Duda 

Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti – Xalifa bin Zoid Ol Nahayon 

Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay Amirligi hokimi – Muhammad bin Roshid Ol Maktum 

Abu-Dabi Valiahdi, Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni o‘rinbosari – Muhammad bin Zoid Ol Nahayon 

Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi Prezidenti – Abdulaziz Buteflika 

Turkmaniston Prezidenti – Gurbanguli Berdimuhamedov 

Tojikiston Respublikasi Prezidenti – Imomali Rahmon 

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti – Ilhom Aliyev 

Belarus Respublikasi Prezidenti – Aleksandr Lukashenko 

Ukraina Prezidenti – Pyotr Poroshenko 

Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti – Muhammad Ashraf G‘ani 

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi – Sergey Lebedev 

Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh kotibi – Tolib Rifai 

Energetika xartiyasi bosh kotibi – Urban Rusnak 

Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi raisi – Kerolin Lemm, 

Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi prezidenti – Stiven Naderni 

“MAKSAM” kompaniyasining prezidenti va ijrochi direktori – Xose Fernando Sanches-Xunko 

«Xuavey Teknolodjiz Ko.Ltd» kompaniyasi prezidenti – Jen Chjenfey 

“NEK Korporeyshn” kompaniyasi prezidenti – Nobuxiro Endo 

Yaponiya tibbiy uskunalar sohasida tashqi texnik ko‘mak bo‘yicha tashkiloti raisi (OMeTA) – Ken'ichi Matsumoto 

Germaniya – O‘zbekiston ishbilarmonlar kengashi ijrochi direktori, “Doyche Kabel AG Tashkent” qo‘shma korxonasi investori – Falk Porshe 

“Pikanol” kompaniyasi bosh ijrochi direktori – Lyuk Tak 

“Turkiston – Amerika assotsiatsiyasi” raisi – Abdulla Xo‘ja 

AQSh va Kanada Buxoro yahudiylari kongressi prezidenti – Boris Kandov 

G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining rektori – Viktor Grishin 

Markaziy Osiyo bo‘yicha Kembrij forumi raisi – Siddxart Saksena 

Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatli vakili – Tomas Kuntse 

Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi rahbari – Yuriy Shterk

Qutlovlar kelishi davom etmoqda. 

Mavzuga oid
Top