16:27 / 31.08.2016
7873

«Mersedes» yangi superkariga Formula-1 motorini o‘rnatmoqchi

Mercedes-AMG kompaniyasi Formula-1 bolidlarining 1,6 litrlik V6 motori bilan birga gibrid quvvat agregati asosida superkar ishlab chiqarmoqchi. Hozirda, model dizaynini tasdiqlash jarayoni olib borilayapti. Bu haqda Evo nashri xabar qilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, yangi sport mashinasiga Mercedes-Benz W07 Hybrid bolidi motori o‘rnatiladi. Unda, Formula-1ning amaldagi chempioni Lyuis Xemilton va nemis poygachisi Niko Rosberg musobaqalarda qatnashadi. 

Dvigatelni umumfoydalanish yo‘llarida yuruvchi mashinalar motori standartiga moslashtirish bilan uni ishlab chiqarganlarning o‘zi shug‘ullanishadi. 

Superkar motorining ishchi hajmi 2 litrgacha o‘zgartirilishi mumkin. Bundan tashqari, superkar uchun maxsus yurgizuvchi starter-generator, yuqori samaradorlikka ega konditsioner va umuman yangi uzatmalar qutisi ishlab chiqish lozim bo‘ladi. 

Yangi superkarga shuningdek, 160 ot kuchiga yaqin quvvatga ega elektromotor ham o‘rnatiladi. Shu bilan model barcha g‘ildiraklari yetakchi tizimiga ega bo‘ladi. Evo nashrining qayd etishicha, elektr dvigatel orqa o‘qqa joylashtirilishi mumkin. 

Mercedes-AMG superkarining umumiy quvvati 1000-1500 ot kuchi atrofida bo‘lishi taxmin qilinayapti. Uning 900 ot kuchiga yaqini ichki yonuv dvigateli hissasiga to‘g‘ri keladi. Ma'lumotlarga ko‘ra, superkarning maksimal tezligi soatiga 350 kilometrni tashkil etib, 2,5 soniyadan kamroq vaqt ichida «yuz»ga chiqa oladi. 

Vazni 1000-1300 kg bo‘lishi kutilayotgan superkar dizayni Formula-1 bolidlari va chidamlilik bo‘yicha o‘tkaziladigan LMP1 poygalari uchun ishlab chiqiladigan prototiplar uslubida bo‘ladi. Uning konstruksiyasida karbon, alyuminiy va boshqa yengil materiallardan foydalaniladi. 

Superkar shuningdek, to‘liq boshqariladigan shassi, og‘irlik nuqtasini o‘zgartirish tizimi va faol aerodinamik elementlarga ega bo‘ladi. 

Evo nashrining yozishicha, model 2017-yilda, Mercedes-AMG kompaniyasining 50-yilligida namoyish etilishi mumkin. Superkar jami 50 nusxada ishlab chiqiladi. Uning taxminiy narxi 4 mln yevro atrofida bo‘ladi. 
 

Mavzuga oid
Top