O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 89-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat boshlig‘idir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta'minlaydi.
 
Asosiy Qonunning 90-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti bo‘lishi mumkin emas.

91-moddada qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan besh yil muddatga saylanadi. Prezidentni saylash tartibi O‘zbekiston Respublikasining Saylov qonuni bilan belgilanadi va unga muvofiq o‘tkaziladi. 

O‘zbekiston Respublikasining "O‘zbekiston Respublikasi prezidenti saylovi to‘g‘risida"gi qonuniga muvofiq, mamlakat prezidenti saylovlarida O‘zbekistonning 18 yoshga to‘lgan fuqarosi ishtirok eta oladi. 

Prezident saylovida sud tomonidan layoqatsiz deb topilgan hamda sud hukmi bo‘yicha ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar ovoz berish jarayonda ishtirok eta olmaydi. 

Saylovlarni o‘tkazishni O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi, uning okrug va uchastka saylov komissiyalari ta'minlaydi. 

Saylov okruglari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hududida tashkil etiladi. 

Davlat rahbari nomzodligiga siyosiy partiyalar o‘z nomzodlarini ilgari sura olishadi. Bunda, O‘zbekiston adliya vazirligi tomonidan saylov kampaniyasi boshlanishidan kamida 6 oy muqaddam ro‘yxatga olingan siyosiy partiyalargina o‘z nomzodlarini ilgari surish huquqiga ega. 

Nomzodlarni ilgari surish saylov kuniga 65 kun qolganda boshlanib, ovoz berish jarayoniga 45 kun qolganida to‘xtatiladi. 

Siyosiy partiyalarning oliy rahbarlik organlari nomzodlarni tasdiqlab, uni ilgari surishadi. Har bir partiyadan birgina nomzod ilgari surilishi mumkin. Shu bilan birga, siyosiy partiya o‘z a'zosi yoki partiyasiz nomzodni ilgari sura oladi. 

Siyosiy partiya rahbari Markaziy saylov komissiyasiga murojaat qilib, o‘z nomzodini O‘zbekiston respublikasi prezidentligiga nomzod sifatida ro‘yxatga olishni so‘raydi.