14:56 / 05.09.2016
238726

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova o‘zbek ahli va muxolifatchilarga murojaat qildi

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova so‘nggi kunlardagi vaziyatga o‘z munosabatini bildirib, videomurojaat yozdi. Quyida e'tiboringizga xonandaning so‘zlari havola etiladi.

“Aziz, yurtdoshlarim! Avvalambor hammamizga Olloh sabr bersin. Haqiqatdan, hammamiz og‘ir kunlarni boshdan kechiryapmiz. 25 yildan beri boshimizda turgan sevimli, hurmatli Prezidentimizdan ajralib qoldik. Olloh rahmatiga olgan bo‘lsin. Yurtboshimiz vafot etganlari bilan, ularning qurgan tizimlari davom etadi. Ular o‘zlaridan keyin yig‘laydigan ish tashlab ketganlari yo‘q. “Yashanglar, bolalarim”, deganlar. Demak, biz shunday qilishimiz kerak, biz tinchlik-xotirjamlik tarafdorimiz.

Bu borada muxolifatchilarga aytar gaplarim bor. Muxolifatchilarning yozayotgan gaplari hech aqlga sig‘maydigan gaplar, boz ustiga mening qo‘shiqlarim bilan bog‘lab yozganlari ham bor. Men hech qachon hech kimning quroli bo‘lgan emasman. Men hamisha xalq tarafdaman! Xalqni boshiga ish tushganda men maydonga chiqaman (Ilohim tushmasin). Xalqimga boshim yerga tekkuncha ta'zim qilaman.

Butun dunyo, barcha podshohlar “bizni ham shunday kuzatisharmikan?”deya havas qildi. Muxolifatchilar xursand bo‘lmasin. Ularni qilmagan ishi qolmadi, Turkiyaga borganimda “biz taraf bo‘ling” deb, eshigimni tagiga xat tashlab ketgan paytlari ham bo‘ldi. Demak, siz xotirjam emassiz, hali ham bir ko‘zingizni bu yerga tashlab o‘tiribsiz. Bu xalq uchunmi yo taxt uchunmi?! O‘zingizni qoringizni o‘zingiz kurang, meni tortishning keragi yo‘q. Yodingizda bo‘lsin, men xalq va haq tarafdaman! Har kuni ertalab turib, nevaralarimni quchoqlayman. Menga bundan ortiq nima kerak? Bemalol oilam bilan qornim to‘q o‘tirsam, menga sizlarning hech narsangiz kerak emas. Menga sizlarga o‘xshaganlarning qarsagi ham kerak emas. 

Xalqimizga murojaat qilmoqchiman. Internet tarmoqlarida har xil narsalar chiqib yotibdi. Ba'zilar buni ko‘rib, to‘g‘ri xulosa chiqarishi mumkin, ba'zilar esa tushunmay, xato qilishi mumkin. Mana shunday paytda xalqimizning birligiga dunyo havas qildi. Sizlarga ko‘z tegmasin, o‘zbegim! Telefonda hattoki mening rasmimni qo‘yib “yig‘lamadilar” deb yozganlar ham bo‘ldi. Men Qur'on tilovat qilib, haqlariga duo qilyapman. Boshimdan o‘tganini o‘zim bilaman, yonimdagilar ko‘rib turibdi.

 Dodamiz qo‘llaridan kelgancha halol mehnat qilib ketdilar. Qaysi davlatning rahbari bu bilan faxrlana oladi?! Shogirdlari ham juda chiroyli ta'ziya o‘tkazishdi. Muxolifatchilar, agar xalqni o‘ylab, yozayotgan bo‘lsa, unda nima uchun xalqning tinchligini o‘ylamayapsizlar?! Nima uchun Yulduz qurol bo‘lishi kerak? Ovora bo‘lasizlar! Men xalq tinchligi uchun nima kerak bo‘lsa, shuni qilaman. Menga har qancha gapirdingiz deylik, lekin yurtimga biror nima qilsangiz, qarshingizda meni ko‘rasiz, bilib qo‘ying! Men shu yurtga, shu xalqqa xizmat qilaman. Agar meni xalqqa qarshi qilaversangiz, yurtning tinchligini buzsangiz, qarshingizda meni ko‘rasiz! O‘rtaga nizo solaman deb ovora bo‘lmang. Agar o‘zingizni olijanob inson deb hisoblasangiz, ko‘zguga qarab, o‘zingizga savol bering: “Men o‘zim nima qildim?” Hamma joyda suv bir loyqalanib tinadi, lekin sizlar tinmabsizlar. Mening ko‘z o‘ngimda umuman yo‘q bo‘ldingiz, qum bo‘ldingiz!

Hammangizga murojaat, xalqimizga murojaatim – birlashinglar! O‘zbekiston xalqi, yoshlarimiz, ishonmang har xil bo‘lmag‘ur gaplarga. Hech kim bu yurtda urush bo‘lishini xohlamaydi. Necha million xalqimiz baxtli yashayapti, bir-birimizga tinchlik-xotirjamlik tilab yashaylik. Kimni aldasa, aldasin, bizni – o‘zbek xalqi aldanmaydi. Yurtboshimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov ancha yaxshiliklar qilib ketdilar. Ularning boshchiligida qurilgan tizim bor. Demak, O‘zbekiston Xudo xohlasa, tinch va xotirjam bo‘ladi! Biz ham qo‘limizdan kelganini qilamiz. Ishonchim komilki, bundan buyon ham ana shunday tinch zaminda yashaymiz! Hammangizga sog‘lik-salomatlik tilayman”. 

Top