11:21 / 08.09.2016
8830

Berezutskiy: Rossiya - sport mamlakati emas, bizda sportni sevishmaydi

TsSKA jamoasi va Rossiya termasi himoyachisi Vasiliy Berezutskiy o‘z mamlakatini sport mamlakati deb hisoblamasligini ma'lum qildi. Bundan oldinroq TsSKA bosh murabbiyi Leonid Slutskiy Rossiyani "futbol mamlakati" emasligini aytgandi.

"Slutskiy Rossiya - futbol mamlakati emasligini aytdimi? Bilsangiz, Rossiya – umuman sport mamlakati emas. Bu gapni istalgan sport turiga nisbatan aytish mumkin. Balki, KXLni (xokkey - tahr.) istisno etish mumkindir. Men odamlarning o‘yinlarga tashrif buyurish darajasi haqida aytayapman. Biznikilar Olimpiadada handbol bo‘yicha g‘olib chiqishdi. Lekin bu sportning ommabopligi qay darajada? Tribunada 5 kishi o‘tirgan bo‘ladi. Tag‘in biz sportni sevishimizni takrorlaymizmi? Yo‘q, aslida bizda sportni sevishmaydi! Voleybol, sinxron suzish kabi men bilgan sport turlarini tomosha qilish uchun chiptalarni pulli qilish shart emas. Odamlar bari bir bormaydi! Demak, Rossiyada barcha sport turlarini ommalashtirish kerak, faqatgina futbolda emas muammolar", - deya Berezutskiyning so‘zlarini keltirgan "Sport-ekspress". 

"Millionlab muxlislar Rossiya terma jamoasiga qarshi petitsiyaga imzo chekishdi. Lekin men odamlar stadionlarga klublarini qo‘llab-quvvatlash uchun kelganini ko‘rmadim! Ularda shuncha nafrat qayerdan paydo bo‘lganini tushunish qiyin… Menga bu holatni ko‘rish juda yoqimsiz", — deya qo‘shimcha qilgan futbolchi.

6 sentabr kuni Rossiya terma jamoasi Moskvada Ganaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi va 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bu Berezutskiy uchun terma jamoa safidagi 100-o‘yin bo‘ldi.

5 sentabr kuni terma jamoa bosh murabbiyi Rossiyani futbol mamlakati deb hisoblamasligini, bu yerda odamlar futbol o‘yinlarini tomosha qilish uchun kelishi darajasi juda past ekanini aytgandi.

Rossiya terma jamoasining Fransiya maydonlarida kechgan Yevropa chempionati vaqtida omadsiz ishtirok etishi rossiyalik muxlislarning keskin noroziliklariga sabab bo‘ldi. Terma jamoaga qarshi petitsiya mualliflari terma jamoani tarqatib yuborib, boshqa terma jamoa tuzishni talab etishgan.

Manba: Tribuna.uz

Mavzuga oid
Top