06:46 / 09.09.2016
7863

Britaniyaliklar MasterCard ustidan mamlakat tarixidagi eng yirik da'vo arizasini berdilar

Buyuk Britaniyada iste'molchilar MasterCard to‘lov tizimi ustidan jamoaviy da'vo arizasi berishdi. Ular to‘lov tizimidan Yevropa Ittifoqi ichidagi transchegaraviy operatsiyalar bo‘yicha yuqori to‘lovlar olgani uchun 14 mlrd funt sterling (18,8 mlrd dollar) undirishni talab qilishmoqda. Bu haqda MarketWatch xabar bermoqda.

Nashrning ta'kidlashicha, Raqobatbardoshlik masalalari bo‘yicha hakamlik tribunaliga berilgan shikoyat Buyuk Britaniya yurisprudensiyasi tarixidagi eng yirigi hisoblanadi.

Buyuk Britaniyaning sobiq moliyaviy ombudsmeni Uolter Merriksning aytishicha, MasterCard’ning noqonuniy siyosati natijasi 1992 yildan 2008 yilgacha barcha xaridlar narxining oshishi bo‘ldi.

Da'vo beruvchilarning manfaatini Quinn Emmanuel Urquhart & Sullivan LLP yuridik kompaniyasi himoya qilmoqda. Reteylerlar MasterCard’dan undiriluvchi banklararo komissiyalar sababli jiddiy xarajatlarga uchraganlar, bu xarajatlar esa mahsulotlar va xizmatlar narxiga qo‘shilgan holda iste'molchilardan undirilgan.

2008 yilda Yevrokomissiya MasterCard tomonidan transchegaraviy bitimlarni ishlash uchun banklararo komissiyalarning undirilishi Yevropa Ittifoqining antimonopol qonunchiligini buzishi haqidagi xulosaga kelgandi. 2014 yilda bu qarorni Yevropa sudi qo‘llab-quvvatlagan.  

MasterCard – eng yirik xalqaro to‘lov tizimlaridan biri hisoblanib, 150 dan ko‘proq jahon valyutasida operatsiyalarni amalga oshiradi va 210 ta davlatda taqdim qilingan.

Top