16:35 / 09.09.2016
17101

Qurbonlikning fazilati

Hayit bayramlari qadimdan yurtimizda o‘zgacha, xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan. Har yili Prezidentimizning hayit bayramlarini nishonlash to‘g‘risidagi qarorlarida joylarda tartibli va yuqori darajada, xalqimizning milliy va diniy qadriyatlariga mos ravishda o‘tishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirishga qator mutasaddi tashkilotlar jalb qilinadi. Bularning barchasi davlatimiz tomonidan yurtimiz musulmonlariga ko‘rsatilayotgan yuksak e'tibor namunasidir.

Qurbonlik qilish zakot, fitr sadaqasi kabi moliyaviy ibodat bo‘lib, u Qur'oni karim, hadisi sharif va ijmo' bilan sobitdir. Alloh taolo marhamat qiladi: “Biz (o‘tgan) barcha ummatga Alloh bergan chorva mollarini (so‘yish) oldidan Uning nomini zikr qilishlari uchun – qurbonlik qilishni buyurganmiz. Bas, (barchalaringizning) ilohingiz bir Ilohdir. Bas, Ungagina bo‘yin suningiz va (ey, Muhammad!) Itoat qiluvchilarga xushxabar bering!” (Hoj, 34).

Baro ibn Ozib (roziyalohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Bugungi birinchi qiladigan ishimiz avval iyd namozini o‘qish, so‘ngra uyga qaytib qurbonlik qilishimizdir. Kimdakim shunday qilsa, u sunnatga muvofiq ish qilibdi. Kimdakim namozdan oldin qurbonlik qilsa, u oilasi uchun tayyorlagan oddiy go‘sht, ya'ni qurbonlik emasdir”.

Qurbonlik qilish boshqa ibodatlar kabi Alloh uchun deyilsa-da, aslida bandasining manfaati uchundir. Qurbonlik qilingan hayvonning go‘shtidan so‘ygan odamning o‘zi va faqir-miskinlar manfaatdor bo‘ladi. Alloh taolo esa insonning qalbidagi niyatiga ko‘ra muomala qiladi. Qur'oni karimda marhamat qilinadi: “Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulug‘lashlaringiz uchun – ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!” (Haj, 37).

Haqiqatan, qurbonlikka so‘yilgan hayvonlarning go‘shtlariga ham, qonlariga ham Alloh taolo muhtoj emas. Qurbonlik qilishdan maqsad bandaning Yaratuvchi amriga itoatini va taqvosini namoyon etishdir.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hadisi sharifda marhamat qilib: “Qurbonlik qilish chiroyli amallardandir. U bandani dunyoda balolardan va oxiratda ofatlardan himoya qiladi. Hayit namozini o‘qib, qurbonlik so‘ygan mo‘minlar mening ummatimdandir”, – deganlar.

Qurbonlik so‘yishning avvali hayit namozini ado etilganidan so‘ng so‘yiladi. Uning oxirgi vaqti esa hayitning uchinchi kuni asr vaqtigachadir.

Qurbonlik qiluvchining qurbonlik so‘yish vaqtida hozir bo‘lishi mustahabdir.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qizlari Fotima (roziyallohu anho)ga: “Borib qurbonliginga shohid bo‘l. Uning birinchi tomgan qoni bilan barobar sening o‘tgan gunohlaring mag‘firat qilinur”, - dedilar. “Ey Allohning rasuli! Bu bizga – ahli baytga xosmi yoki musulmonlarga umumiymi?”, - dedilar Fotima (roziyallohu anho). Shunda Sarvari koinot: “Yo‘q, musulmonlarga umumiy”, - deb javob berdilar.

Qurbonlikka qo‘y, echki, tuya, sigir kabi hayvonlarning erkagi ham, urg‘ochisi ham so‘yilishi mumkin. Bulardan tuya 5 yosh, sigir 2 yosh, qo‘y va echki esa 1 yoshga to‘lgan bo‘lishi kerak. Qo‘y agar olti oyga to‘lgan bo‘lsa ham jussasi bir yoshnikidek katta bo‘lsa uni qurbonlik qilish joizdir.

Mol va tuyani yetti kishi nomidan so‘yilishiga shariatimizda ko‘rsatmalar bor. Jobir (roziyallohu anhu)dan rivoyat qiladilar: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bilan Hudaybiyada bir tuyani yetti kishi nomidan, bir sigirni yetti kishi nomidan so‘ydik” (Abu Dovud, Muslim va Termiziy rivoyatlari).

Agar mol yoki tuya 7 kishi nomidan so‘yiladigan bo‘lsa, uning go‘shtini taqsimlashda chamalab emas, balki kilolab o‘lchagan holda teng taqsimlanadi va yetti kishi ham qurbonlik qilishni niyat qilgan bo‘lishi lozim.

Qurbonlik so‘yishi vojib bo‘lgan kishi qurbonlikni vaqtida so‘ymasa, keyin uning qiymatini sadaqa qilish vojibdir. So‘yilgan qurbonlikning uchga bo‘lib, bir qismini sadaqa qilish, yana bir qismini yedirish, qolgan bir qismini o‘zi va oilasi uchun olib qo‘yish mustahabdir.

Ko‘p bolali kishilar hammasini oilasi bilan baham ko‘rishi ham mumkin. Musulmon bo‘lmagan qo‘shnilarga ham qurbonlik go‘shtidan berish musulmonlik ziynatidan hisoblanadi. Qurbonlik terisini sotish, qassobga mehnatining evaziga berish mumkin emas, u faqir kishiga sadaqa qilinadi yoki ro‘zg‘orda ishlatish uchun olib qo‘yiladi. Qassobga xizmat haqi beriladi, qurbonlik go‘shtidan haq sifatida berilmaydi.

Qurbonlikka har tomonlama sog‘ va semiz bo‘lgan jonliqlarni so‘yish shariatimiz ko‘rsatmalaridandir. Buning ham o‘ziga xos hikmatlari bor albatta. Birinchidan, bu qurbonlik Alloh taologa atab qilingani uchun uni sog‘-salomat, hech bir nuqsonsiz bo‘lishiga e'tibor berish, Yaratganga nisbatan yuksak odobni ko‘rsatadi. Qurbonlik qilinadigan hayvonning aybu nuqsonsizini topish esa, taqvoning barkamolligi uchun urinishdir. Ikkinchidan, bu musulmonlarning o‘rtalaridagi mehr-oqibatlarini mustahkamlaydi. Ularga kasal hayvonlarning go‘shtini emas, balki sog‘ va semiz hayvonlarning go‘shtini sovg‘a qilish yaxshi ishlardandir.

Odatda, hayit kunida hamma bir-birini ulug‘ kun bilan samimiy muborakbod etadi. Hayit namozini ado etgandan so‘ng birinchi o‘rinda bizlarni dunyoga kelishimizga sababchi bo‘lgan ota-onalarimizni, ulardan keyin qarindosh-urug‘larimizni, yoru birodarlarimizni, bemorlarni borib ziyorat etamiz. Ularni ko‘nglini so‘rash va ko‘tarishga harakat qilamiz. Ayrim sabablar bilan o‘zaro arazlashgan gina-qudratli kishilar ham bir-birlarini muborak bayram kunida kechirib, o‘zaro uzrlar aytib, bir-birlariga quchoq ochadilar. Bu kun barchaga quvonch ulashiladigan kundir. Yana shuni yodda tutmog‘imiz lozim bo‘ladiki, Qurbon hayiti bayram bo‘lgani uchun, uni azaga, xafagarchilikka aylantirmaslik kerak. O‘tganlarimizni eslash, ularni ruhlarini shod etib duoyi xayrlar qilishimiz yaxshi amal hisoblanadi, lekin bular hayit bayramiga aslo ta'sir qilmasligi lozim.

Alloh taolo barchalarimizni O‘zining roziligi yo‘lida xolis niyatlar bilan qilayotgan qurbonliklarimizni, ibodatlarimizni dargohida husni maqbul aylasin! Muborak haj safariga yurtimizdan borgan barcha hojilarimizning haj ibodatlarini mukammal ado etib, farzandlari bag‘riga sog‘-salomat kelishlarini nasib etsin!

Manba: muslim.uz

Mavzuga oid
Top