18:50 / 09.09.2016
15290

Saudiya Arabistoniga haj ibodati uchun kelganlar soni ma'lum qilindi

Arab OAVning xabarlariga ko‘ra, 2 mlnga yaqin ziyoratchi Haj ibodatini amalga oshirish uchun Saudiya Arabistoniga tashrif buyurgan. 

Bu yil, ziyoratchilarning xavfsizligini ta'minlash va o‘tgan yilgi bir necha yuz kishining o‘limiga sabab bo‘lgan ur-yiqitning oldini olish maqsadida qo‘shimcha choralar ko‘rilgan. 

Haj ibodati – Saudiya Arabistonidagi Makka-i Mukarrama shahrini yilning ma'lum bir vaqtida ziyorat qilish bilan amalga oshiriladi. Haj muqaddas Islom dinining iymon, namoz, zakot va ro‘zadan keyingi beshinchi ustuni hisoblanib, uni imkoni bor musulmon kishi umrida bir marta amalga oshirishi farzdir. 

Associated Press axborot agentligining xabariga ko‘ra, 2015 yilgi haj mavsumida yuz bergan to‘polonda kamida 2426 kishi hayotdan ko‘z yumgan edi. 

Avval xabar qilinganidek, Eron hukumati mamlakat fuqarolarini hajga yubormaslikka qaror qilgan. Eron diniy ulamolari, mamlakatning Saudiya Arabistoni va qator arab davlatlari bilan diplomatik munosabatlar uzilganini vaj qilishmoqda. 

Eron Islom Respublikasi diniy rahnamosi oyatollo Ali Xamenei esa, 5 sentabr kuni Saudiya Arabistonining haj ishlariga mas'ul shaxslarini tanqid qilgan edi. Xameneining fikricha, 2015 yilgi to‘polonda hojilar, xususan 460 nafar eronlikning o‘limiga aynan saudiyalik tashkilotchilar aybdor. 

Top