O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi nutqi.

Hurmatli Spiker! 
Hurmatli Senat raisi!

Muhtaram deputatlar va senatorlar!

Qadrli qo‘shma majlis ishtirokchilari!

Shu kunlarda barchamiz birgalikda yuragimizda chuqur dard bilan, o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan og‘ir judolikni boshimizdan kechirmoqdamiz. Nuroniy oqsoqollarimiz, mo‘'tabar onalarimiz va opa-singillarimiz, yosh yigit va qizlarimiz, 32 millionlik butun O‘zbekiston xalqi, xorijiy mamlakatlardagi ko‘psonli do‘stlarimiz buyuk davlat va siyosat arbobi, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovni cheksiz qayg‘u bilan so‘nggi yo‘lga kuzatdilar.

Shu fursatdan foydalanib, aziz Islom Abdug‘aniyevichning rafiqasi — hurmatli Tatyana Akbarovnaga, qizi — Lola Islomovnaga va yaqinlariga barchamizning nomimizdan yana bir bor chuqur ta'ziya bildirishga ruxsat bergaysiz.

Vaqt va hayotning o‘zi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning zamonamizning ulug‘ siyosatchisi, uzoqni ko‘radigan va strategik fikr yuritadigan shaxs, dunyoda va turli mintaqalarda yuz berayotgan o‘ta murakkab voqea-hodisalarning mohiyatini davlatchilik nuqtai nazaridan ko‘ra bilish qobiliyatiga ega bo‘lgan, o‘z yurti va xalqi uchun, har bir vatandoshimizning taqdiri uchun ulkan mas'uliyat tuyg‘usini chuqur his qiladigan atoqli rahbar ekanligini har tomonlama tasdiqladi.

Milliy tariximizning eng keskin va tahlikali davrida, millatlararo to‘qnashuvlar va boshqa ziddiyatlar avj olgan, mamlakatimizda fuqarolar urushi xavfi yuzaga kelgan, iqtisodiyot chuqur inqirozga uchragan, bir so‘z bilan aytganda, eski zamonning umri tugab, yangi zamon boshlanayotgan bir paytda Islom Abdug‘aniyevichning respublika rahbari etib saylanishi Yaratganning xalqimizga bebaho marhamati bo‘lgan edi.

Islom Abdug‘aniyevichga xos bo‘lgan bukilmas iroda, fidoyilik, mardlik va vatanparvarlik, insoniylik va adolatparvarlik, samimiylik va mehribonlik kabi olijanob fazilatlar barchamiz uchun yorqin ibrat namunasi bo‘lib qoldi.

Zamonaviy O‘zbekistonning tarixi — bu mamlakatimizning haqiqiy mustaqillikka erishish yo‘lida Islom Abdug‘aniyevich Karimov rahnamoligida olib borilgan o‘ta murakkab va og‘ir kurashlar tarixidir. Buyuk Yo‘lboshchimiz haqli ravishda demokratik talablar va xalqaro mezonlarga to‘liq javob beradigan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ham asosiy muallifi edilar.

Mamlakatimiz totalitar tizimdan voz kechib, mustaqil taraqqiyot yo‘lini tanladi, ko‘plab qiyinchilik va sinovlardan o‘tib, tarixan qisqa davrda jahon hamjamiyatida o‘ziga munosib o‘rin egalladi.