15:26 / 09.09.2016
79501

O‘zbekistonda Qurbon hayiti namozi qachon o‘qilishi ma'lum qilindi

Foto: O‘MI matbuot xizmati

O‘zbekiston respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh.Mirziyoyev qaroriga ko‘ra O‘zbekistonda hayit namozi qachon o‘qilishi ma'lum qilindi.

Muborak Qurbon hayitining ma'naviy hayotimizdagi o‘rni, mohiyati va ahamiyatini, xalqimizga mansub mehr-oqibat, shukronalik va bag‘rikenglik ramzi ekanini e'tiborga olib, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrash va ulug‘lash maqsadida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Diniy bayram – Qurbon hayitini dam olish kuni deb e'lon qilish haqida”gi 1991 yil 20 iyundagi PF-221-son Farmoniga muvofiq: 

1.O‘zbekiston musulmonlari idorasining joriy yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 12 sentabr dushanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi murojaatini inobatga olib, 2016 yil 12 sentabr mamlakatimizda dam olish kuni deb belgilansin va bayram sifatida keng nishonlansin. 

2.Respublika “Nuroniy”, “Mahalla” jamg‘armalari va boshqa barcha mutasaddi idoralar, jamoat tashkilotlari Qurbon hayitining joylarda tartibli va yuqori darajada, xalqimizning milliy qadriyatlariga mos ravishda o‘tishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsin. 

3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

Muslim.uz sayti O‘zbekistondagi barcha masjidlarda hayit namozi o‘qish vaqtlari  belgilangani haqida xabar berdi. Xususan, Toshkent shahridagi barcha masjidlarda hayit namozi 2016 yil 12 sentabr, dushanba kuni tonggi soat 06-15da o‘qiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda esa taqvimdagi vaqt tafovutlari asosida hududlardagi masjidlar tomonidan e'lon qilinadi.

Quyidagi videolavhada hayit namozini o‘qish tartiblarini yana bir bor eslash mumkin.

Mavzuga oid
Top