19:59 / 09.09.2016
19298

Jorj Bushning 11 sentabrdagi muloqotlari e'lon qilindi

Foto: © AFP

AQShning sobiq prezidenti Jorj Bushning 2001 yil 11 sentabr qo‘poruvchiliklari chog‘ida, prezident samolyoti bortida olib borgan muzokaralarining to‘liq matni e'lon qilindi. Uni, Bushning matbuot kotibi Ari Fleysher oshkor qilgan. Ma'lum bo‘lishicha, o‘sha kuni Fleysher prezident og‘zidan chiqqan deyarli har bir so‘zni yozib olgan, deb izohlamoqda RIA Novosti.

«Men buni kim amalga oshirganini tezroq aniqlash uchun o‘zimni zo‘rg‘a tiya olayapman. Bu ancha vaqtni oladi, ammo jazosi yengil bo‘lmaydi», — deya Bush so‘zlarini keltiradi agentlik. 

Fleysher yozuvlariga ko‘ra, sobiq prezident maxsus xizmatlarning taqiqiga ham qarshilik ko‘rsatishga urinib ko‘rgan. Bush Vashingtonga qaytishni xohlaganida, uning yordamchisi poytaxtda notinchligini aytadi. 

Fleysher stenogrammasida shuningdek, prezident samolyoti bortida bo‘lib o‘tgan qandaydir suhbat ham yodga olinadi. Unda: «Navbatdagi — farishta» deyilgan. 

«Farishta» so‘zi prezident samolyotining kodlangan nomi bo‘lgani bois, havo laynerida bo‘lganlar, terrorchilarning navbatdagi nishoni bo‘lishdan xavotirlanishgan. Keyinroq aniqlanishicha, xabar xato bo‘lgan. Shu sabab, Amerikaning birinchi raqamli bortidagi aloqa tizimi butunlay yangilangan. 

Shuningdek, matbuot kotibi yozuvlarida Bushning o‘z oilasi va iti Berni hayotiga qayg‘urgani haqida so‘z boradi. 


 

Top