17:21 / 14.09.2016
84601

Shavkat Mirziyoyev Bishkekdagi MDH sammitiga bormaydi

Bishkekda bo‘lib o‘tadigan MDH sammitida O‘zbekiston Respublikasi nomidan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ishtirok etadi. Bu haqda bugun Qirg‘iziston prezidenti devonining tashqi siyosat bo‘limi mudiri Sapar Isakov brifing chog‘ida ma'lum qilgan.

Isakovning aytishicha, O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev mamlakatning ichki ishlari bilan bandligi tufayli sammitga bora olmasligini bildirgan.

«Biz undan yaqindagina maktub oldik. O‘zbekiston hozirda prezidentlik saylovlariga tayyorlanmoqda. Bu hech o‘zaro munosabatlar holati bilan bog‘liq emas. Qolaversa, Sooronbay Jeenbekov va Shavkat Mirziyoyev telefon orqali suhbatlashdi. Bizning munosabatlarimiz yomonlashmagan», – degan Isakov.

U shuningdek, 12 sentabr kuni Turkmaniston tomoni tashabbusi bilan Qirg‘iziston va Turkmaniston prezidentlari telefon orqali muloqot qilgani haqida aytib o‘tgan.

«Turkmaniston prezidenti ham konstitutsiya bilan bog‘liq muhim marosimlar tufayli kela olmasligini bildirdi», – degan u.

Sammitda Turkmaniston nomidan vazirlar mahkamasi rahbarining o‘rinbosari ishtirok etadi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a'zo davlatlar rahbarlarining yig‘ilishi 16 sentabr kuni bo‘lib o‘tadi. Sammitda Armaniston, Ozarboyjon, Belarus, Qozog‘iston, Rossiya va Tojikiston prezidentlari ishtirok etishi tasdiqlangan. 

Bishkekdagi sammitda Moldovadan bosh vazir, Ukraina nomidan esa elchi qatnashadi.

MDHning yubiley sammitida 15ta masala muhokama qilinadi.

Top