17:53 / 15.09.2016
22138

Akayev: AQSh Markaziy Osiyoga kirish uchun terrorizmni ro‘kach qilgan

Xalqaro terrorizmga qarshi kurash va Afg‘onistondagi harbiy operatsiyasi AQShning strategik jihatdan muhim bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasiga kirish uchun bahona bo‘lgan xolos, deb hisoblaydi Qirg‘izistonning sobiq rahbari Asqar Akayev.

2001 yili AQSh Afg‘onistonda harbiy amaliyotlarini boshlash uchun Qirg‘iziston va O‘zbekistonda harbiy bazalarni ijaraga olgandi. 

"2001 yili Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari, dunyoning aksar davlatlari Bushning xalqaro aksilterror koalitsiyani shakllantirish chaqirig‘ini qo‘llab-quvvatladi. Chunki, 11 sentabr teraktlari jahon aholisiga jiddiy ta'sir ko‘rsatgan edi. … Biroq, keyinchalik odamlar amerikaliklarning ko‘pgina boshqa maqsadlari ham bo‘lganligini bilishdi. Ularning xalqaro terrorchilarni bir boshidan yo‘q qilishni xohlamagani ayon bo‘ldi. Aksincha, dunyoning ayrim hududlaridagi geosiyosiy maqsadlarini amalga oshirish uchun terrorchilarni yetishtirishdi ham", — deya bayonot bergan Asqar Akayev RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida.

Uning fikricha, amerikaliklar bir vaqtning o‘zida bir nechta maqsadni ko‘zlashgan. AQSh terrorizmga qarshi kurashishdan tashqari, O‘rta Osiyodek strategik muhim mintaqada mustahkam o‘rnashib olishni istagan. 

"AQSh o‘zini dunyodagi barcha mamlakatlarining qo‘shnisi deb biladi. Ularning barchasi Vashington manfaatlariga kiradi. Go‘yo Amerika vazifasi vaziyatni nazorat qilishdan iborat. Shunga ko‘ra, ular Markaziy Osiyo mintaqasini nazorat qilishni maqsad qilgan", — degan Akayev.

Xususan, AQSh Qirg‘iziston hududi orqali Rossiya, Xitoy va Hindistonga nisbatan razvedka faoliyatini olib bormoqchi bo‘lgan. Bundan tashqari, "ular Fors ko‘rfazidan Xitoyga to‘g‘ridan-to‘g‘ri energiya manbalarini yetkazib berish yo‘nalishini to‘sib qo‘ydi, chunki shunday quvurlardan biri Afg‘oniston va Eron orqali Fors ko‘rfaziga chiqishi mumkin edi".

"AQSh Xitoyning energiya zaxiralariga bu qadar oson erishishini xohlamas edi. Hozirda, Xitoy global yetakchiga aylanmoqda. ...Hozirda, biz AQSh va XXRning jahon miqyosida yetakchilik uchun kurashiga guvoh bo‘layapmiz", — deb hisoblamoqda sobiq Qirg‘iz rahbari. 

Asqar Akayev AQShning terrorizmga qarshi kurashda jiddiyligini ham shubha ostiga qo‘ygan. 

"Ularning bu "ko‘ngilxushi" 15 yildan beri davom etib kelayapti… Xo‘sh, terrorizmga barham berildimi? Aftidan, ularning bunday maqsadi yo‘qqa o‘xshaydi. Aksincha, ularning vazifasi terrorchilarni nazorat qilib, o‘zlariga yoqmagan hukumat yoki davlatlarga qarshi yo‘naltirib turishdir", — degan Akayev.

Uning baholashiga binoan, ayni vaqtda 2001 yil 11 sentabr voqealarining terrorchilarga qarshi kurash uchun yetarli asos bo‘lganiga ishonish qiyin bo‘lsa-da, amerikaliklar bundan unumli foydalanib qolishgan. 

"Hozirda, oydinlashicha, aslida terakt tashkilotchilari Afg‘onistonda emas, balki Kapitoliy aytayotganidek, AQShning Yaqin Sharqdagi qalin ittifoqchisi Saudiya Arabistonida bo‘lgan. Shunga qaramay, ular dunyo hamjamiyatining ko‘ziga niqob tortishdi", — deb fikriga xulosa qilgan Akayev.
 

Top