O‘zbekiston respublikasi prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev 14 sentabr kuni «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi Qonunga imzo chekdi. Ushbu qonun loyihasi 12 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 24 avgust kuni Senat tomonidan ma'qullangan edi. Qonun haqidagi hujjat 15 sentabr kuni «Narodnoye slovo» va «Xalq so‘zi» gazetalarida chop etildi va shu kundan boshlab kuchga kirdi.

Bu Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston respublikasi prezidenti v.b. sifatida imzolagan birinchi qonun hujjati bo‘ldi.

Yoshlarga oid Davlat siyosati tushunchasi yoshlarni har tomonlama mukammal etib voyaga yetkazishda ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va qonuniy chora-tadbirlar tizimini nazarda tutadi.
 
Qonunda yosh fuqarolar tushunchasiga izoh berilgan. Unga ko‘ra, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan, xususan, yosh oila, yosh mutaxassis va yosh tadbirkor aynan yoshlar qatoriga kirishi qayd etilgan.
 
Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy prinsipi ochiqlik va shaffoflik, yoshlarga oid davlat siyosatida yoshlar ishtirokini ta'minlash, yoshlar g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish hisoblanadi.

Qonunda yoshlar ijtimoiy muhofazasi, ularning huquq va erkinliklari hamda iqtidorli va iste'dodli yoshlarni, yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va muhofaza qilish masalalari belgilab qo‘yilgan.
 
Qonun 4ta bob, 33 moddadan iborat.

Qonunda  yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
 
- Yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash;
- Yoshlarning hayoti va salomatligini saqlash;
- Yoshlarning ma'naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy, jihatdan kamol topishiga ko‘maklashish;
- Yoshlar uchun ochiq va sifatli ta'limni ta'minlash;
- Yoshlarni ishga joylashtirish va  ularning bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish ;
- Yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuyg‘usi, bag‘rikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta'sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo‘lgan qat'iy ishonch va qarashlarga ega etib tarbiyalash;