Yaqinda, Kristal Pelas jamoasi himoyachisi Pape Suare avtohalokatga uchragan futbolchilar ro‘yxatini to‘ldirdi. Yaxshiyamki, o‘yinchining hayoti xavf ostida emas. Ammo, uning Mersedesi xususida bunday deb bo‘lmaydi…

Aytish joizki, professional futbolchilar qanchalik qimmat mashinalarni xush ko‘rishsa, qasddan qilishganidek, ularni berahmlarcha vayron qilishni ham shunchalik yaxshi ko‘rishadi, shekilli. Bunda sport modellari singari standart modellar ham chetda qolmaydi. Mana yaqinda bo‘lgan voqea fikrimiz isbotidir. Kristal Pelas himoyachisi Pape Suare M4 avtomagistralida ketayotganda manziligacha yetib bora olmadi. Futbolchi shunchalik jiddiy halokatga uchradiki, oqibatda avtomobil tomidan judo bo‘ldi. Kelgan balo shunga kelsin, bosh omon bo‘lsa, do‘ppi topilar! Suare ko‘zini bir yumib ochgach, shunday degan bo‘lsa ajab emas.

Afsuski, taniqli futbolchilarning avtohalokatda vayron bo‘lgan mashinalari ro‘yxati shunchalik kengki, Suare o‘ziga bu borada birinchi emasligi bilan ham taskin bersa kerak.

Chililik futbolchi Arturo Vidal o‘zining yangigina Ferrari Accurate sportkarini 2015 yilgi Copa America musobaqasidan biroz oldin avtomobillar chiqindixonasiga yubordi. Bu voqeadan so‘ng, Vidalni terma jamoa safidan chiqarishni ham xohlashdi. Chunki, u rulga shirakayf bo‘lib o‘tirgan. Ammo, barchasi yaxshilikka ekan, Vidal mahkama jarayonida ishini bitirdi. Amerika kubogini yana uning yetakchiligidagi jamoa qo‘lga kiritdi.

Qayd etish joizki, Ferrarini mast bo‘lmasdan ham vayron qilish mumkinligini Ronaldu, ha aynan Krishtianu Ronaldu isbotlab qo‘ygan. U, Manchesterdagi faoliyati davomida mashg‘ulotlarga shunchalik shoshganki, sportkarining boshqaruvini yo‘qotgan. Natijada…

Bunisi endi, Manchester Yunaytidning boshqa bir o‘yinchisining “avtoo‘yinchog‘i”. Albatta, «qizil iblislar» vakili tezlikni xush ko‘rmaydi, deyish noto‘g‘ri bo‘lur edi? Ammo, afsuski, Anderson jamoasida ham shunday tezlikda o‘ynaganda edi.