08:48 / 16.09.2016
5526

Mexikoda bir necha ming kishi prezidentning iste'foga ketishini talab qilib namoyish uyushtirdi

15 sentabrda Meksika poytaxti Mexikoda kechki vaqt o‘tgan namoyish ishtirokchilari mamlakat prezidenti Enrike Penya Netoning iste'foga ketishini talab qilishdi. Mexiko ko‘chalariga Mustaqillik kuni arafasida bir necha ming kishi, jumladan 2014 yil 26 sentabrda Iguala shahrida bedarak yo‘qolgan 43 talabaning ota-onalari va kursdoshlari chiqdi.

"Jamiyat bu prezidentlik muddatida yuz bergan voqealardan charchadi va shu tariqa biz hukumatga o‘z nafratimizni bildirmoqdamiz", deb aytdi Igualadagi hujumda omon qolgan Omar Garsia. Namoyish ishtirokchilari "Penya ko‘zdan yo‘qol!", "Kurash davom etadi" deb hayqirganlar. Mexiko hukumatining baholashicha, namoyishchilar 5 ming kishini tashkil qilgan. Huquq-tartibot muassasalari bilan to‘qnashuvlar haqida ma'lumot kelib tushmagan.

Igualadagi fojiada 6 kishi halok bo‘lgan, 20 kishi yarador bo‘lgan va yana 43 kishi bedarak yo‘qolgan. Hukumat korrupsiyalashgan politsiyachilar ularni "Gerreros unidos" jinoiy to‘dasiga berganini aniqlagan. Taxminlarcha, to‘da talabalarni o‘ldirib, ularning jasadlarini yo‘q qilib yuborgan. Shunga qaramay, yo‘qolgan talabalarning ota-onalari ularni qidirishni davom ettirishni talab qilishmoqda. 14 sentabrda Igualadagi jinoyat tergovi uchun javob bergan mamlakat bosh prokuraturasi tergov boshqarmasi rahbari Tomas Seron de Lusio o‘z lavozimini tark etdi.

 

Mavzuga oid
Top