O‘zbekiston | 21:22 / 17.09.2016
10521
3 daqiqa o‘qiladi

YeXHTga O‘zbekiston Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi uchun taklifnoma yuborildi

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining xalqaro kuzatuvida ishtirok etish uchun rasmiy taklifnoma yubordi.

Markaziy saylov komissiyasi vakili xabar qilganidek, 17 sentabr kuni Markaziy saylov komissiyasi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosiga 2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun rasmiy taklifnoma yubordi.

Ta'kidlaganidek, istiqlol yillari mobaynida O‘zbekistonda xalqaro saylov standartlariga mos ravishda demokratik saylovlar o‘tkazish bo‘yicha salmoqli tajriba to‘plangan. Saylov to‘g‘risidagi qonunchilikning doimiy asosda takomillashib borayotganligi fuqarolarning saylov huquqlari yanada mustahkamlanishiga, saylovlarni tashkil qilish va o‘tkazish milliy tajribasi yaxshilanishiga qaratilgandir. Markaziy, okrug va uchastka saylov komissiyalari o‘z faoliyatida saylov kampaniyasining barcha bosqichlarida qonuniylik, oshkoralik, ochiqlik va transparentlik tamoyillariga so‘zsiz rioya etishga alohida e'tibor qaratadi.

Uning fikricha, ham xorijiy, ham mahalliy kuzatuvchilarning saylov jarayonida ishtirok etishi umumiylik, tenglik, erkinlik va ovoz berishning yashirinligi, haqiqiy, adolatli va oshkora saylov kabi demokratik saylovlarning asosiy tamoyillariga rioya etilishini ta'minlaydi. Shuning uchun ham saylovlarning xalqaro kuzatuvi butun dunyoda keng e'tirof etilgan hamda demokratik jarayonlar va umume'tirof etilgan inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash, ularga rioya etilishini ta'minlashning muhim vazifalaridan biriga aylangan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston saylov qonunchiligi siyosiy partiyalardan kuzatuvchilar bilan birga xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va harakatlar vakillarining saylovni kuzatishda ishtirok etishi imkonini nazarda tutadi. Xususan, ularga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda kuzatuvni amalga oshirish huquqi berilgan.

Mavzuga oid