19:53 / 21.09.2016
8368

Nike'ning avtomat bog‘ichli krossovkalari sotuvi yo‘lga qo‘yilmoqda

Avtomat bog‘ichli texnologiyaga ega Nike HyperAdapt 1.0 krossovkalari sotuvi joriy yilning 28 noyabr kuni AQShda yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqida kompaniya PR-direktori Xaydi Burgett o‘zining tvitterida ma'lum qildi.

Burget belgilangan sanada krossovkalarning bu modelini Amerikaning bir necha Nike do‘konlaridagina xarid qilish mumkinligini ta'kidladi. Yangi sport poyabzalining bahosi hozircha noma'lum, biroq The Verge nashri krossovkalar narxi qimmat bo‘lishini taxmin qilgan. 

20 sentabr kuni Wired nashrida kompaniya xodimlari HyperAdapt krossovkalarini ishlab chiqarish haqidagi ba'zi ma'lumotlar bilan bo‘lishishdi. Krossovka leskadan yasalgan ichki "kabel tizimi" va taglikda (podoshvada) bosim datchigi bilan ta'minlangan. Tizim kerakli bosimni hisoblovchi algoritm asosida krossovkani qanday kuch bilan bog‘lash kerakligini o‘zi aniqlaydi. Foydalanuvchi poyabzalning "tili"da joylashtirilgan ikki tugma yordamida krossovka bog‘ichining tor yoki kengligini o‘zgartira oladi. 

Albatta, bunday krossovkalar zaryadga muhtoj bo‘ladi. HyperAdapt'ning yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan biri Tiffani Birsning so‘zlariga ko‘ra, uch soatli zaryad ikki haftaga yetadi. Batareyaning "o‘tirayotgan"ligini taglikka o‘rnatilgan svetodiodlardan bilish mumkin. 

HyperAdapt 1.0 modeli ishlab chiqilayotganligi haqida 2016 yilning martida e'lon qilingandi. Unga qadar Nike bir necha marotaba avtomat bog‘ichli krossovka ishlab chiqarishga va'da bergan. 

Mavzuga oid
Top