Jamiyat | 10:21 / 22.09.2016
16510
3 daqiqa o‘qiladi

Boshni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha operatsiya jonivorlarda muvaffaqiyatli o‘tkazildi

Italiyalik neyrojarroh Serjo Kanavero boshni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha sinov operatsiyasidan o‘tgach yashab ketgan jonivorlar (sichqon va it) aks etgan videoni namoyish etdi. Bu haqda Gizmodo nashri xabar yozgan.

Kanavero boshlarni to‘liq kesib olmagan, shunchaki umurtqa pog‘onasini kesgan. Boshni ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasini amalga oshirishda aynan umurtqa pog‘onasi qayta tiklanishining murakkabligi to‘siq hisoblanadi.

Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z ishida polietilenglikoldan foydalandi, polietilenglikol orqa miyaning zararlangan qismlariga kiritilgan va minglab neyronlar o‘rtasidagi aloqalarning tiklanishini ta'minlagan.

Mutaxassislarning qayd etishicha, bu tajriba nazorat guruhi guvohligida o‘tkazilmagani uchun uning to‘la muvaffaqiyatli kechganiga ishonch kam.

Kanaveroning tajribasi neyrodegenerativ xastalikdan azob chekadigan rossiyalik dasturchi Valeriy Spiridonovning boshini ko‘chirib o‘tkazishga tayyorgarlik doirasida o‘tkazildi. Biroq operatsiya muvaffaqiyatli amalga oshishini isbotlovchi hech qanday ishonarli dalillar yo‘q.

Ilgariroq Kanavero maymunning boshini ko‘chirganini aytgan edi. Ammo u so‘zlarini ilmiy jurnallardagi maqolalari bilan tasdiqlamadi.

2015 yilning fevral oyida Serjio Kanavero inson boshini ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha ilk operatsiyani 2017 yilda amalga oshirishni rejalashtirayotganini ma'lum qilgan edi. Bel mushaklari atrofiyasidan aziyat chekuvchi Spiridonov shifokor bilan Skype orqali muloqotda bo‘lgan. Ushbu kasallik bilan og‘rigan bolalarning 50 foizi 1 yoshdan oshmasligi aytiladi, biroq Spiridonov 31 yoshga kirgan va oliy ma'lumot olishi ham mumkin.

Valeriy Spiridonov o‘z boshini donor tanaga ko‘chirib o‘tkazishga rozi bo‘lgan. U operatsiya uchun maxsus jamg‘arma ochgan bo‘lib, shu yo‘l bilan amaliyot uchun mablag‘ yig‘ilmoqda. 

Operatsiya 36 soat davom etishi, unda 42 nafargacha jarroh ishtirok etishi mumkin. 

Noma'lum homiylar bu operatsiya amalga oshirilishi uchun 100 million dollar xayriya qilishga tayyorligi aytilgan.

Iyun oyida jarrohlik amaliyoti Germaniyada o‘tkazilishi, lekin hali amaliyot o‘tadigan klinika aniq belgilanmagani haqida ma'lum bo‘lgandi.

Mavzuga oid