13:45 / 22.09.2016
27145

Pitt va Jolining ajrashishiga sabab qilib ko‘rsatilgan aktrisa vaziyatga o‘z munosabatini bildirdi

Ommaviy axborot vositalarida yulduzli juftlik - Bred Pitt va Anjyelina Jolining ajrashishiga sabab qilib ko‘rsatilayotgan fransuz aktrisasi Marion Kotiyyar o‘zining instagramida bunga izoh berdi va ortiqcha gap-so‘zlarga nuqta qo‘ydi. Kotiyyar va Pitt "Ittifoqdoshlar" filmida birga suratga tushganlaridan keyin OAV ularni ishqiy munosabatlar bog‘lab turganligi haqida xabar tarqata boshladi. 

Fransiyalik mashhur aktrisa ushbu vaziyat yuzasidan o‘zining Instagram tarmog‘idagi sahifasida quyidagicha xabar qoldirdi: 

"Bu so‘nggi 24 soat ichida davom etib kelayotgan yangiliklar oqimiga mening birinchi va yagona munosabatim bo‘lib qoladi. Men odatda bunday xabarlarga izoh bildirmayman va ularni jiddiy qabul qilmayman. Biroq vaziyat murakkablashib borayotganligi hamda mening sevimli insonlarimga taalluqli bo‘lgani uchun men bunga munosabat bildirishimga to‘g‘ri keladi. Birinchidan, men ko‘p yillar avval orzuimdagi erkak - o‘g‘limiz va tug‘ilajak farzandimizning otasini uchratganman. U - mening muhabbatim, mening eng yaqin do‘stim va menga kerakli yagona inson. Ikkinchidan, sog‘lig‘im haqida qayg‘urayotganlar uchun o‘zimni yaxshi his qilayotganimni aytib, minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bu uydirmalar meni tashvishga solmaydi. Shoshilinch xulosaga keluvchi OAV va "yovlar"ga esa chin dildan tez orada shifo topishlarini tilayman va nihoyat, men benihoya hurmat qiladigan Anjyelina va Bredga bunday notinch paytda yarashib ketishlarini tilayman. Sizlarni sevib qoluvchi Marion".

Eslatib o‘tamiz, Marion Kotiyyar 2007 yilda aktyor Giyom Kanega turmushga chiqqan. Juftlikning Marsel ismli o‘g‘li bor, bundan tashqari ular tez orada ikkinchi marotaba ota-onalik baxtiga muyassar bo‘lishini aktrisa rasman tasdiqladi.  

Mavzuga oid
Top