O‘zbekiston | 12:39 / 23.09.2016
18690
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda terimchilar uchun palatkali shaharcha barpo etildi

O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi qizg‘in pallaga kirgan shu kunlarda Qashqadaryoning Mirishkor tumanida «Mehnat rohat» palatkali shaharchasi barpo etildi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Umumiy maydoni 2,4 gektar bo‘lgan ushbu maskanda terimchilar uchun barcha qulayliklar yaratilgan.

«So‘nggi tipdagi bu palatkalar xalqaro tajribalar asosida qurilgan. Yomg‘ir o‘tkazmaydi, issiq-sovuqqa chidamli. Ularda terimchilarning dam olishi uchun barcha qulayliklar mavjud», — deyilgan O‘zA xabarida.

Shaharcha hududidagi oshxona, tibbiyot punkti, savdo do‘koni, go‘zallik saloni va boshqa qo‘shimcha xizmatlardan aholi mamnunligi ta'kidlab o‘tilgan.

Shuningdek, hududda terimchilarning madaniy hordiq chiqarishi uchun konsert dasturlari namoyish etiladigan maxsus maydon barpo etilgan.

O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi qizg‘in pallaga kirgan shu kunlarda qashqadaryolik dehqonlar 412 ming tonnalik xirmon yaratish uchun astoydil mehnat qilmoqda. Joriy yilda viloyatdagi 7 ming 309 fermer xo‘jaligi tomonidan 157 ming 200 gektar maydonda go‘za parvarishlandi. Agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida bajarilgani, ta'minotchi korxonalar mineral o‘g‘it va yonilg‘ini o‘z vaqtida yetkazib bergani samarasida mo‘l hosil yetishtirilgan. 

 «Bu yil 30 gektar maydonda g‘o‘zaning “Buxoro-102” navini parvarishladik. O‘g‘it va texnika uchun yonilg‘i dalaning boshigacha keltirib berildi, suv bilan o‘z vaqtida ta'minlandi. Hozir har bir g‘o‘zada kamida 16-17 donadan ko‘sak bor. Bu mo‘l hosildan darak», — deydi Qarshi tumanidagi “Shukrona zamin” fermer xo‘jaligi rahbari Hotam Jumayev.