Jahon | 07:55 / 28.09.2016
10971
2 daqiqa o‘qiladi

Isroilning sobiq prezidenti Shimon Peres vafot etdi

Isroilning sobiq prezidenti Shimon Peres 28 sentabrda Tel-Avivda 94 yoshida vafot etdi. Bu haqda Isroilning rasmiy axborot agentligiga iqtibos keltirgan holda Reuters axborot agentligi ma'lum qildi. 

27 sentabrda Peresning sog‘lig‘i keskin yomonlashgani ma'lum bo‘lgan. Shifokorlar unda buyrak yetishmovchiligi va boshqa salbiy alomatlarni aniqlashgan.

Peres 13 sentabrda Tel-Aviv yaqinidagi shifoxonaga insult tashxisi bilan yotqazilgandi. U o‘z hushida bo‘lib, sog‘lig‘i barqaror deya baholangan. Shifokorlar o‘sha kunning o‘zida uni sun'iy koma holatiga o‘tkazishga qaror qilishgan.

Shimon Peres 1923 yil 2 avgustda o‘sha paytda Polshaning Novogrud voyevodaligidagi Vishnyava degan  joyda (hozirda Belarusning Minsk viloyati) tug‘ilgan. Otasi yog‘och materiallar sotib olish bilan shug‘ullangan, onasi esa rus tili o‘qituvchisi bo‘lgan. 1934 yilda Peresning oilasi Falastinga ko‘chib o‘tgan.

Peres 1984 yildan 1986 yilgacha Isroilning 9- va 1995 yildan 1996 yilgacha 12-bosh vaziri, 2007 yildan 2014 yilgacha prezidenti bo‘lgan. 12 ta hukumatda turli vazirliklar rahbarlari lavozimlarini egallagan. Faoliyati 70 yil davom etgan, Isroilning eng keksa siyosatchisi va davlat arbobi bo‘lgan.

Peres 1994 yilda Yasir Arofat va Itsxak Rabin bilan tinchlik uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlangan.

 

Mavzuga oid